Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan bino va inshootlarning 2024 yil 1 yanvardan boshlab yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligini mustaqil baholash tartibi (yong‘in auditi) joriy etiladi.

Hujjat bilan quyidagilarni belgilovchi Yong‘in auditini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi:

bino va inshootlarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligini mustaqil baholovchi yong‘in auditorlik tashkiloti va uning tarkibidagi yong‘in auditorlariga nisbatan talablar;
yong‘in auditorlik tashkiloti hamda himoyalanadigan obekt mulkdorining huquqlari, majburiyatlari hamda javobgarligi;
jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan bino va inshootlarning yong‘in xavfsizligiga muvofiqligini baholash, hujjatlarni rasmiylashtirish va yuborish tartibi;
yong‘in auditorlik tashkilotining ekspertlarini tayinlash, sinovdan o‘tkazish, attestatsiyadan o‘tkazilgan ekspertlar reyestrini yuritish, sertifikatning amal qilishini to‘xtatish tartibi.

Bino va inshootlarning yong‘in xavfsizligiga muvofiqligini baholash natijalari bo‘yicha xulosaning amal qilish muddati – bir yil.

Hujjat bilan Yong‘in auditorlik tashkilotining mutaxassislarini sertifikatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Sertifikatlangan mutaxassis – muvofiqlikni baholash sohasi bo‘yicha zarur bilim, ko‘nikma, amaliy ish tajribasi va oliy ma’lumotga ega bo‘lgan hamda FVV Akademiyasida o‘quv dasturini tamomlagan va belgilangan tartibdagi test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan jismoniy shaxs.