2024 yil iyun oyida Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlatda Yevropa parlamentiga saylovlar o‘tkaziladi. Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida muhojirlar va qochqinlar sonining ortib borayotgani hamda ularga boshpana berilishi saylovoldi kampaniyasi asosiy mavzusi hisoblanadi. Muhojirlar asosiy maqsadi bo‘lgan Yevropaning uchta yirik davlati - Germaniya, Fransiya va Italiya - 2023 yilda migratsiya oqimini kamaytirish va boshpana olish huquqidan mahrum etilgan muhojirlarni deportatsiya qilish jarayonini tezlashtirish uchun milliy migratsiya qonunlarini kuchaytirgani ajablanarli emas.

Migratsiya masalasida Yevropa Ittifoqining uchta yirik iqtisodiyoti siyosiy jihatdan bir xil yo‘nalishda harakat qilmoqda. Ammo milliy miqyosda bu mamlakatlarda migrantlar uchun sharoitlar va ularga boshpana taqdim etish jarayoni bir-biridan keskin farq qiladi. Germaniyada sotsial-demokratlar, «yashillar» va liberallarning hukumat koalitsiyasi hokimiyat tepasida. Fransiyada - liberal ozchilik hukumati, Italiyada - o‘ta o‘ng va xristian demokratlarning o‘ng qanot populistik koalitsiyasi. 

Germaniyada migratsiya qonunchiligi 

Migratsiya va qochqinlar ishlari bo‘yicha federal idora (BAMF) 2023 yilda Yevropa Ittifoqidagi bir milliondan ortiq boshpana izlovchining 350 ming nafari Germaniyada qochqin maqomini olish uchun ariza topshirishini taxmin qilgandi. Asosan Suriya, Afg‘oniston va Turkiyadan kelgan boshpana izlovchilardan tashqari, urushdan qochgan bir milliondan ortiq ukrainalik ham mamlakatga kirib keldi. Hukmron koalitsiya muhojirlar va qochqinlar bilan bog‘liq vaziyatga bir qator qonunlar qabul qilish orqali javob berdi. 

Ulardan biri - mamlakatda besh yildan ortiq yashab kelayotgan muhojirlar uchun sharoitlarni osonlashtiradigan qonun. Endi ular Germaniyada qonuniy ishlash va integratsiya imkoniyatiga ega. Qabul qilingan yana bir qonun, aksincha, noqonuniy migrantlarning o‘z vataniga qaytishini tartibga soladi (Rückführungsverbesserungsgesetz) va Germaniyada boshpana taqdim etish bo‘yicha rad javobi berilganlarni o‘z mamlakatiga yoki uchinchi davlatga deportatsiya qilish jarayonini tezlashtirishga imkon yaratadi. Ushbu qonunga ko‘ra, endilikda ularning uyida tintuv o‘tkazilishi mumkin, deportatsiya to‘g‘risidagi xabarnomadan to haqiqiy deportatsiyaga qadar bo‘lgan muddat qisqartiriladi. Ammo deportatsiya qilinishi kerak bo‘lgan shaxsni ushlab turishning ruxsat etilgan muddati uzaytirilyapti. Biroq hozirda bu yangiliklarni amaliyotga tatbiq etish qiyin. Germaniyadan deportatsiya qilinishi kerak bo‘lgan 50 ming kishidan, Germaniya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilning birinchi yarmida faqat 7900 kishi chiqarib yuborilgan.