Ramzon Qodirovning ilgarigi shov-shuvli chiqishlari ham hech qanday oqibatlarsiz qolib kelgan. Bu safar ham na Kreml, na Davlat dumasidagilar Checheniston rahbarining yangi chiqishini izohlashdi.
Ramzon Qodirov nima dedi?
«Jamoat xavfsizligini ta’minlash» bo‘yicha majlis tasviri biriktirilgan postni Ramzon Qodirov o‘z telegram kanalida 30 dekabr kuni e’lon qilgan. Videoga sharhda Ramzon Qodirov ushbu so‘zlarni yozgan:
«Insonning hayotiga har qanday tahdidga urinish aybdorning qarindoshlariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazishi kerak [...] Yaqin qarindoshlar ularning oilasi vakili nima ishlar bilan bandligini bilishi kerak, chechen odatlar bizni asrlar osha tarbiyalaganidek, uning uchun javobgarlikka ega bo‘lishi kerak».
Videoning o‘zida respublika rahbari chechen tilida yanada radikalroq chiqish qilgan. U jinoyatda ayblanayotganlarning qarindoshlarini o‘ldirish mumkinligiga shama qilgan.
«Sizlarni nega chaqirdim? Biror narsadan shubhalangan [kuchishlatar organlarning] har qanday xodimi unga albatta e’tibor qaratishi kerak. Odam qayerdan, qaysi oiladan ekanligi muhim emas. Jamoat tartibini buzgan, [kuchishlatar organlar] xodimiga yoki respublikaga kelgan mehmonlarga qo‘l ko‘targan har qanday inson bilishi kerakki, agar biz uni topa olmasak, biz uning uyidagilarni albatta topamiz.
Bizning ajdodlarimiz doim shunga amal qilib kelishgan: agar aybdor topilmasa qonli qasos uning aka-ukasi yoki otasidan olingan. Biz ham qarindoshlaridan qonli qasos olamiz.
Chunki qarindoshi birovni o‘ldirgan odamlar qotildan voz kechganmiz, deb bemalol yashab yurishibdi. Biz undaylarning oilasidan kimnidir otib tashlamagunimizcha hech kim qarindoshidan voz kecha olmaydi», — degan Checheniston rahbari.
Yuristlar bu gaplaridan keyin Checheniston rahbarini jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladigan JK moddalarini sanab berishdi. BBC ularning xavfsizligini o‘ylab, nomlarini oshkor etmagan.
«O‘taketgan haddan oshish va qonunsizlik. Bunday gaplarni aytishning o‘zi jinoyat va normal davlatda javobgarlik olib keladi. Hech kim o‘ldirish huquqiga ega emas, hattoki davlat ham — Rossiyada o‘lim jazosiga moratoriy hamon amalda», — degan jinoiy ishlar bo‘yicha advokat.

















