Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi 2023 yil 28 dekabr kungi qarori bilan, poytaxtning 2024 yilgi budjetini tasdiqladi.
Kengash majlisi jonli efirga uzatilmadi.
Budjet qabul qilinishidan oldin uning loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun ham e’lon qilinmadi.
Rasmiylar Toshkent shahri yalpi hududiy mahsuloti 2024 yilda 7,1 foiz, 2025 yilda 7,3 foiz, 2026 yilda 7,5 foiz o‘sishini prognoz qilmoqda.
Daromadlar
Tumanlarni hisobga olmaganda poytaxt budjetining daromadlari 8 trln 77 mlrd so‘m miqdorida prognoz qilingan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilga nisbatan 82 foizga (4,4 trln so‘m), 2023 yilga nisbatan 25,9 foizga (6,4 trln so‘m) ko‘p.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i Toshkent shahri budjeti daromadlarining eng katta qismini tashkil qiladi – 1,53 trln so‘m.
Keyingi o‘rinlardagi yirik daromad manbalari yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i (1,25 trln so‘m) va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i (796 mlrd so‘m) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i – 713 mlrd so‘m, aylanmadan olinadigan soliq – 712 mlrd so‘m, davlat boji – 606 mlrd so‘m, davlat tashkilotlarining sof foydasidan daromad – 394 mlrd so‘m, mobil aloqa xizmatlariga solinadigan aksiz solig‘i – 201 mlrd so‘m va tamaki mahsulotlaridan olinadigan aksiz solig‘i – 90 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Bundan tashqari, respublika budjetidan Toshkent shahar mahalliy budjetiga ajratiladigan transfertlar 514 mlrd so‘m bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
https://datawrapper.dwcdn.net/wduPa/1/
O‘tgan yil bilan taqqoslanganda, mobil aloqa xizmatlaridan aksiz solig‘i bo‘yicha tushumlar qariyb 2,5 barobarga, davlat tashkilotlarining sof foydasidan olinadigan daromadlar 2,4 barobarga, jismoniy shaxslar uchun daromad solig‘idan tushumlar 2 barobarga ko‘payishi prognoz qilingan.
O‘z navbatida, xususiylashtirishdan keladigan daromadlar 3 barobardan ko‘proqqa, tamaki mahsulotlaridan olinadigan aksiz solig‘i 2 barobardan ortiqqa, aylanmadan olinadigan soliq 10 foizga kamayishi kutilmoqda.
Tumanlar kesimida eng katta daromadlar va xarajatlar prognozi Yunusobod tumaniga to‘g‘ri kelmoqda – 174,5 mlrd so‘m. Eng kami Bektemir tumanida – 67 mlrd so‘m.








