Agra shahrida joylashgan Toj Mahalni ko‘rishni juda ko‘pchilik orzu qiladi. Hindistonga tashrif buyurgan turli davlat rahbarlarining aksariyati albatta Toj Mahalga borgan.

Obida oldidagi o‘rindiqqa o‘tirib kimlar rasm tushmagan deysiz?! AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp, o‘limidan sal avval Malika Diana, uning o‘g‘li shahzoda Uilyam va rafiqasi Keyt, Facebook asoschisi Mark Tsukerberg, Vladimir Putin hamda uning sobiq rafiqasi Lyudmila, Pokiston sobiq bosh vaziri Parvez Musharraf, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov, AQSh prezidentlari orasida birinchi bo‘lib Hindistonga tashrif buyurgan Duayt Eyzenxauer kabilar Toj Mahalni borib ko‘rishgan.

1966 yilda odamlar hali selfi so‘zi nimani anglatishini bilmaydigan zamonlarda afsonaviy “The Beatles” guruhi musiqachisi Jorj Harrison Toj Mahal oldida selfi tushgan edi.

Shuningdek, Toj Mahalga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan borgan va suratga tushgan.

Xo‘sh, Toj Mahal nimasi bilan odamlarni bunchalik o‘ziga rom etadi?

Ko‘rinishi va arxitekturasi bilan. Ha, ha, ishonavering, dunyoda bunday noyob obida boshqa yo‘q. Shu sababli ham u dunyoning yetti mo‘jizasi ro‘yxatiga kiritilgan.

Toj Mahalning qurilish tarixi 17-asrga borib taqaladi. Uni Boburiylar sulolasi vakili Shoh Jahon 1631-1652 yillar oralig‘ida sevimli rafiqasi Mumtoz Mahal sharafiga qurdirgan.

Tarixiy manbalarga ko‘ra, 1612 yilda asli ismi Xurram bo‘lgan Shoh Jahon Mumtoz Mahalga uylanganda 20 yoshda, qiz esa 19 yoshda bo‘lgan.

1631 yilda Mumtoz Mahal o‘zining o‘n to‘rtinchi farzandini dunyoga keltirayotib, vafot etadi. Shundan so‘ng Shoh Jahon Agra shahri yaqinida, Jamna daryosi bo‘yida maqbara qurdirishga qaror qiladi.

Maqbara loyihasi Usto Ahmad Lahori va turk me’mori Muhammad Isoxon afandi boshchiligida tayyorlanadi.

Maqbara murabba tarhli, 3 qavatli, 5 gumbazli qilib, marmar supa ustiga qurilgan. Uning to‘rt burchagida 45 metr balandlikdagi minora barpo etilgan. Gumbaz shiftining balandligi 56,7 tashkil etadi, gumbazning o‘zi esa 74 metr balandlikkacha cho‘zilgan.