Toshkent viloyatida 4 oyda 100 tupdan ortiq daraxtni kesishga ruxsatnoma berilgani ma’lum bo‘ldi
Viloyat Ekologiya boshqarmasi tomonidan berilgan ruxsatnomalarda mazkur daraxt va butalar turli infratuzilmalarga xalaqit qilgani aytiladi. Kesishga ruxsat berilgan daraxtlar orasida chinor, sadaqayrag‘och, archa kabi turlar bor.
Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi bir necha oyning ichida 131 tup daraxt va butani kesish uchun ruxsatnoma bergan. Bloger Nikita Makarenkoning yozishicha, bu moratoriy davrida daraxt kesish uchun berilgan ruxsatnomalarning kichik bir qismi.
Jumladan, boshqarma tomonidan 2023 yilning 25 avgust kuni “Discover Invest” MChJga Bo‘stonliq tumani hududida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan 41 tup past bo‘yli qayrag‘ochni kesib tashlashga ruxsatnoma berilgan. Ochiq manbalarda keltirilishicha, “Discover Invest” MChJ yashash uchun mo‘ljallanmagan binolar qurish faoliyati bilan shug‘ullanadi.
Ekologiya boshqarmasi 2023 yil 22 noyabrda “Arena Cybersport” MChJga Chirchiq shahri hududida 27 tup turli navdagi daraxtni kesish uchun ruxsatnoma bergan. Mazkur daraxtlarning 9 tupi chinor, 2 tupi kashtan, 3 tupi qayrag‘och, 3 tupi aylanta, 3 tupi terak hamda 7 tupi archa bo‘lgan.
2023 yil 12 dekabrda esa boshqarma ruxsatnomasi bilan “Ohangaronsement” AJga Ohangaron shahri hududida 63 tup ko‘kbargli terak hamda to‘rang‘il kesib tashlangan.
Ruxsatnomalarning barchasida kesilishiga ruxsat berilgan, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalar turli infratuzilmalarga xalaqit qilgani qayd etilgan.
Oldinroq poytaxtda moratoriyga qaramay daraxtkesarliklar to‘xtamayotgani ortidan Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi boshlig‘i bir oyga ishdan chetlashtirilib, uning oxirgi 2 yildagi faoliyati bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlangan, shuningdek, boshqarmaning daraxt kesish yoki ko‘chirib o‘tqazishga ruxsatnoma berish vakolatlari vaqtincha Ekologiya vazirligiga o‘tkazilgandi.
Mavzuga oid
17:40 / 08.11.2024
“Dunyodagi daraxtlarning 38 foizi yo‘qolib ketish xavfi ostida” – IUCN
13:38 / 08.11.2024
Misr Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk sohasiga investitsiya kiritmoqchi
21:15 / 07.11.2024
Toshkent viloyatida isitish mavsumi 8 noyabrdan boshlanadi
20:35 / 07.11.2024