Tanqidlardan keyin Ekologiya vazirligi mas’ullari matbuot anjumani o‘tkazishdi. Unda Kun.uz muxbiri Toshkent shahri havosi ifloslanishi haqida aholiga vaqtliroq ogohlantirish e’lon qilinmagani, havo tarkibidagi zararli moddalar haqida ma’lumot berilmayotganiga oid savollar berdi.
12 yanvar kuni Ekologiya vazirligi mas’ullarining OAV uchun uzoq kutilgan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahri havosining ifloslanish sabablari va ko‘rilayotgan choralar masalalari muhokama qilindi.
Kun.uz muxbiri mas’ullardan nima sababdan bir necha oydan beri o‘ta aktual bo‘lib kelayotgan muammo yuzasidan jamoatchilikka izoh berilmaganini so‘radi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi vazirligi vakili Farrux Sattorovning aytishicha, tashkilotning tizimida kamchilik bo‘lgan, vaqtida ogohlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilmagani bois shunday muammo yuzaga kelgan.
“Odamlarga vaqtida axborot berish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Lekin bu yildan prezidentning 81-sonli qarori [Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida] imzolandi, unga ko‘ra, atmosfera havosi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarda raqamlashtirish masalasi ham turibdi. Hozirgi kunda bu yo‘nalishda ishlar olib borilyapti. Vazirligimizda situatsion markaz tashkil etildi, hozirgi kunda raqamlashtirish ishlari olib borilyapti. Demoqchi bo‘lganim, bunday voqealar haqida oldindan aholini xabardor qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Buning ustida ishlar olib borilyapti”, – dedi u.
Kun.uz muxbiri berilgan javob yuzasidan yana ham aniqroq javob olish uchun yana mutaxassislarga yuzlandi. “Hozirgi belgilangan tartibga ko‘ra, atrof-muhit, havo ifloslanishi bilan bog‘liq o‘rganishlarni O‘zgidromet olib borib, bu boradagi axborotlarni vazirlikka taqdim qilishi, vazirlik esa shunga qarab fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni aniqlashi belgilangan. Nega haligacha shu tizim yo‘lga qo‘yilmagan?” – degan savol bilan Ekologiya vazirligi mas’ullariga murojaat qildi.

Farrux Sattorovning bergan ma’lumotiga ko‘ra, O‘zgidromet stansiyalari ancha yil oldin olingan va ko‘p joyda bu avtomatik tizimga ulanmagani sabab ma’lumotlarni yig‘ish vaqt olgan. Hozir O‘zgidromet respublikaning 65 ta nuqtasidan o‘zining kuzatish nuqtalariga ega. Shundan hozir 8tasi avtomatlashtirilgan va yana 8tasi avtomatlashtirilishi kutilyapti.















