Jahon | 08:30 / 15.01.2024
9299
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyev Xitoyning tinchlik muzokaralarida ishtirok etishi zarurligini ma’lum qildi

Prezident Zelenskiy ofisi rahbari muvaffaqiyatga erishish uchun Xitoyning Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarida ishtirok etishi zarurligiga ishonch bildirdi.

Foto: Getty Images/Yuliia Ovsiannikova/Ukrinform/Barcroft Media

Xitoyning Ukrainadagi urushni hal qilish bo‘yicha tinchlik muzokaralarida ishtirok etishi Rossiya hujumini tugatish uchun zarur. Bu haqda 14 yanvar, yakshanba kuni Shveytsariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumida Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak ma’lum qildi. 

Davosdagi tadbirda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi bosh vaziri Li Tsyan ishtirok etadi. Yermakning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy delegatsiyasi rahbari va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘rtasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan uchrashuv hozircha kelishib olinmagan. 

Shveytsariya tashqi ishlar vaziri Inyatsio Kassis va Davosdagi Ukraina «tinchlik formulasini» amalga oshirish bo‘yicha yig‘ilish tashkilotchilaridan biri ham Xitoy urushni tugatish kontekstida «muhim rol o‘ynashini» ta’kidladi. «Biz bu masalada Xitoy bilan hamkorlik qilish yo‘llarini topishimiz kerak», dedi Kassis. 

Davosda Ukraina bo‘yicha konferensiya

Zelenskiy taklif qilgan «tinchlik formulasi» faqat tinchlik muzokaralari uchun «poydevor», dedi Kassis. «Bu yoki boshqa yo‘l bilan (ularga) Rossiyani jalb qilish kerak. Rossiyaning so‘zisiz tinchlik bo‘lmaydi», - deya xulosa qildi vazir. 

Davosda iqtisodiy forum arafasida Ukraina bo‘yicha navbatdagi tinchlik konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, unda 80 davlat vakillari ishtirok etishini tasdiqladi. Bu 2023 yilda Daniya, Saudiya Arabistoni va Maltada bo‘lib o‘tgan shunga o‘xshash uchrashuvlarga qaraganda ancha ko‘p. 

Kassis Davos anjumanida ishtirokchilar ko‘pligini tadbirning muvaffaqiyati deb hisobladi. Ayni paytda Kiyev «Jahon tinchlik sammiti»ni yanada yuqori saviyada o‘tkazmoqchi. Kassis aytishicha, yaqin kunlarda Volodimir Zelenskiy bilan bu masalani muhokama qilish kerak. 

Mavzuga oid