«Old Trafford»dagi uchrashuv gollarga boy bo‘ldi.

«Manchester Yunayted» – «Tottenhem» - 2:2
Gollar: 1:0 – 3 Hoylund, 1:1 – 19 Risharlison, 2:1 – 40 Reshford, 2:2 – 46 Bentankur.
«Manchester Yunayted» – Onana, Diogu Dalot, Evans (Martines, 63), Varan, Uan-Bissaka, Antoni, Eriksen (Maktominey, 58), Brunu Fernandesh, Maynu, Garnacho, Reshford, Hoylund.
«Tottenhem» – Vikario, Porro, Romero, van de Ven, Udoji, Emerson, Heyberg, Bentankur, Skipp (Dregushin, 85), Jonson, Verner (Hil, 80), Risharlison.
Ogohlantirishlar: Uan-Bissaka (24), Bentankur (25), Hoylund (45).

APLda beshinchi o‘rin ham YeChLning yangi mavsumi uchun yo‘llanma berishi deyarli aniq bo‘lsa-da, «Tottenhem» va «MYu» top-4 uchun kurashishda davom etmoqda. Ten Hag Kazemiro, Martines va Shou tiklanib safga qaytganini aytgandi, ammo ulardan hech biri boshlang‘ich tarkibdan joy olmadi (uchinchisi hatto zayavkaga kiritilmagan). «Tottenhem»ning ham tarkib borasidagi muammolari yo‘q emas – Son Osiyo Kubogiga, Bissuma va Sarr – Afrika Kubogiga ketgan (manchesterliklarda ham boshqa qit’a futbolchilari yetarlicha topiladi, ammo marokashlik Amrabat asosiy tarkib futbolchisi emas, kamerunlik Onana esa jamoasining turnirdagi ilk o‘yinidan 24 soat oldin klubi uchun o‘ynab berishga rozi bo‘ldi).

Barcha muammolarga qaramay (balki shunday muammolar tufayli) birinchi bo‘lim ancha tomoshabop kechdi. Uchinchi daqiqadayoq Hoylund hisobni ochdi. Daniyalik hujumchi Angliya chempionatida qatorasiga 18 turda gollar hisobini ocha olmagandi, endi esa qatorasiga ikkinchi o‘yinni golsiz tark etmaydigan bo‘ldi. Bu safar u Onana boshlab bergan hujum davomida Reshfordning uzatmasidan keyin taxminan o‘n metr masofadan turib yaqin to‘qqizlikka qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.

«Tottenhem» esa odatdagidek o‘z hujumkor o‘yinini namoyish etishda davom etdi. Mehmonlar ko‘proq vaqt davomida to‘pga egalik qilishdi va burchak zarbasidan keyin hisobni tenglashtirishdi: Porroning uzatmasi va Risharlisonning bosh bilan aniq zarbasi. Braziliyalik hujumchi uchun bu so‘nggi olti turdagi oltinchi gol bo‘ldi. Ushbu forvard «Tottenhem»ga kelganidan buyon eng yaxshi formasida bo‘lib turibdi.

Birinchi bo‘lim oxirlarida «MYu» yana oldinga chiqib oldi. Yana Hoylund bilan devor uslubida o‘ynagan Reshford uzoq burchakka yerlatib aniq zarba berdi – 2:1. Bu Markusning joriy mavsumda «Old Trafford»da urgan birinchi goli bo‘ldi.

«Tottenhem» o‘yinda ikkinchi bor hisobda ta’qib etuvchi maqomiga tushib qoldi, ammo o‘yin teng edi va londonliklar hali yana o‘z so‘zini aytishi tabiiy edi. Tanaffus arafasida Romeroning zarbasi to‘singa tegdi, tanaffusdan keyin esa — «shporlar» darhol gol urishdi. Bu safar Bentankur o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi, unga golli pasni esa bir necha kun oldin jamoaga kelgan Verner berdi. Germaniyalik hujumchi 47 daqiqa ichida 2021/22 yillar mavsumida «Chelsi» safida bergan golli uzatmalari soniga teng uzatmani amalga oshirishga ulgurdi.