Kun.uz’ga shu mazmunda murojaat kelib tushdi. Ma’lum bo‘lishicha, 2023 yil 29 dekabr kechasi eri tomonidan kaltaklangan ayol ukasini yordamga chaqirgan. Opasi va jiyanlarini olib ketishga borgan yigit esa kutilmaganda pochchasining hujumiga uchragan: advokat uning qorin, bo‘yin va bosh qismiga pichoq urgan.
M. biz bilan suhbatda turmushiga o‘n yildan oshgani, uch nafar farzandi borligini bildirdi. Yillar davomida kaltaklanib kelgani, unga himoya orderi ham foyda bermayotganini aytmoqda.

“Kasbim o‘qituvchi, uyimizga yaqin bo‘lgan maktabda dars beraman. Turmush o‘rtog‘imning xususiy advokatlik firmasi bor. U sobiq ichki ishlar xodimi. Avvalgi ish joyidan ham kasb etikasiga amal qilmagani uchun haydalgan. Muntazam ichadi va hech qanday sababsiz meni, bolalarimni kaltaklaydi. Ko‘p bor ajrashmoqchi bo‘lganman, ammo qo‘rqitib kelgan.
“Organda tanishlarim ko‘p, ukangning mashinasiga “dori” tashlab, yo‘q qilib yuboraman. Prokuraturaga aytaman, akangi ishidan kamchilik topadi, qamatib yuboraman”, deb keladi. Otam vafot etgan, onam betob, onamdan ham ajralib qolmaylik deb, sabr qilib keldim.
Ikki yilcha avval o‘g‘limning boshiga kapgir bilan urdi. Bolam boshidan og‘ir jarohat olib, ancha vaqt davolandi. Bo‘ynimga pichoq tirashi, o‘ldirish bilan qo‘rqitishiga, ayovsiz kaltaklashiga o‘rganib ham ketgandim. Biroq o‘g‘limga chidolmadim. Ish sudgacha bordi, yalinib keldi, boshqa takrorlamayman, deb va’da berdi. Sudda bizni yarashtirishdi.
Ko‘p o‘tmay yana shu odatini boshladi. Uyga ichib keladi va ayamay uradi. Ba’zan ichmagan vaqtda ham o‘zini bilmay qoladi. Giyohvand modda qabul qilsa kerak, deb o‘ylayman. Chunki o‘sha paytda ko‘ziga hech narsa ko‘rinmaydi.
Himoya orderi ham olib ko‘rganman, zarracha foydasi bo‘lmagan. Order ma’lum muddatga beriladi, bu vaqt davomida o‘zini biroz tutishi mumkin. Muddat tugagandan yana eski ishini boshlaydi. “Himoya ordering bo‘lsa ham bilganimni qilaman, nari borsa 15 sutkaga qamalib chiqaman. Lekin seni qo‘ymayman”, deydi.
29 dekabr kuni kechasi yana asossiz janjal boshladi. Ichib olgandi. Bu safar chidolmay, ukamga telefon qildim. U yetib keldi. Qizlarim bilan ukamning mashinasiga chiqdik. Shu paytda darvoza yonida o‘g‘limni kutib turgan ukamning oldiga erim chiqib keldi. Yoqalashib ketishdi, deb o‘yladim. Ukamni oshxona pichog‘i bilan pichoqlagan ekan”, deydi ayol.
Shundan so‘ng ichki ishlar xodimlari chaqirilgan. Ayolning aytishicha, uka shifoxonaga olib ketilgan, eri esa uyda qolgan. IIB xodimlari advokat eriga o‘sha vaqtda hech qanday ta’sir chorasi ko‘rmagan. Ariq ichida yotgan oshxona pichog‘i va boshqa dalillar shundoq qoldirib ketilgan.


















