Jahon | 12:29 / 19.01.2024
2989
4 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament Vengriyaga pul ajratilgani bo‘yicha YeKga qarshi da’vo qo‘zg‘atadi

Yevroparlament deputatlari Yevropa komissiyasining Vengriyadagi qonun ustuvorligi haqidagi xavotirlarga qaramay, muzlatilgan pullarning bir qismini berish qaroridan afsusda ekanini bildirdi.

Foto: AP

Yevroparlament Vengriyaga avval to‘sib qo‘yilgan mablag‘lar ajratilishi bo‘yicha nizo yuzasidan Yevrokomissiyaga qarshi Yevropa Ittifoqi Adliya sudiga da’vo arizasi berishga tayyorlanmoqda. 18 yanvar, payshanba kuni qabul qilingan qarorda Sud-huquq qo‘mitasi bu yo‘nalishda «imkon qadar tezroq zarur choralarni ko‘rishi» kerakligi aytiladi.

Vengriyadagi sudlar mustaqilligidan xavotirlar saqlanib qolmoqda

Bir necha siyosiy guruhlardan bo‘lgan Yevroparlament deputatlari dekabr oyida Yevrokomissiyaning Viktor Orban hukumati uchun YeIning 10,2 milliard yevro mablag‘ini blokdan chiqarish haqidagi qaroridan «jiddiy xavotir» bildirdi. Ularning fikriga ko‘ra, bu to‘g‘ri asoslanmagan va Vengriya «so‘nggi islohotlardan keyin ham» sud mustaqilligi standartlariga javob bermaydi.

Vengriyadagi sud qarorlari «farmon bilan bir kechada o‘zgartirilishi» mumkin ekan, Yevropa Ittifoqi davlatida qonun ustuvorligi borasida jiddiy xavotirlar saqlanib qoladi, dedi Germaniya Xristian-sotsial ittifoqi (XSI) deputati Monika Xohlmeyyer. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevrokomissiyaning bu qaroriga qarshi chora sifatida parlamentda yagona imkoniyat bor – Yevropa Ittifoqi sudiga murojaat qilish. Keyinchalik xabar qilinishicha, konservatorlar, sotsial-demokratlar, liberallar, «yashillar» va so‘llarning mutlaq ko‘pchiligi Yevropa komissiyasiga da’vo tayyorlashni yoqlab ovoz berdi.

YeK Vengriya uchun muzlatilgan mablag‘larning bir qismini blokdan chiqardi

2023 yil dekabrida bo‘lib o‘tgan YeI sammiti arafasida Yevrokomissiya Vengriya sud tizimining mustaqilligiga shubha tufayli muzlatib qo‘yilgan mablag‘larning bir qismidan foydalanishga ruxsat berishga qaror qildi. Bryussel bildirishicha, Budapesht Yevropa Ittifoqining asosiy huquqlar xartiyasi sud hokimiyati mustaqilligiga oid shartlariga amal qilgan. «Bu birlashish siyosatini moliyalashtirishning bir qismi endi bloklanmasligini anglatadi va shuning uchun Vengriya taxminan 10,2 milliard yevrogacha tovon pulini talab qila boshlaydi», deyiladi hujjatda.

Shu bilan birga, Yevrokomissiya Vengriya qonun ustuvorligi tamoyillari buzilishini bartaraf etmaganini qayd etdi. Gap davlat xaridlari, prokuratura harakatlari, manfaatlar to‘qnashuvi, korrupsiyaga qarshi kurash va jamoat manfaatlarini ifodalovchi chora-tadbirlar haqida bormoqda. Shu munosabat bilan budjeti 6,3 milliard yevro bo‘lgan uchta siyosat dasturi to‘xtatilgan holda qoldi. Umuman olganda, YeK ma’lumotlariga ko‘ra, Vengriya uchun taxminan 21 milliard yevro bloklangan.

Shunga qaramay, Vengriya sammitda Ukrainaga keyingi makromoliyaviy yordamga veto qo‘ydi. Sammitning ikkinchi muhim qarori - Ukraina va Moldova uchun Yevropa Ittifoqiga kirish bo‘yicha muzokaralarni boshlash - Viktor Orban majlislar zalida bo‘lmaganida qabul qilindi. Uning fikricha, bu «oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib keladi va na Vengriya, na Yevropa Ittifoqi manfaatlariga javob bermaydi».

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid