“Keksalar, nogironligi bo‘lgan fuqarolar jamoat transportlarida yaratilgan sharoitlardan norozi” – senator
Senat a’zosi Farhod Boqiyevga ko‘ra, aholi sonining muntazam ortib borayotganligi tufayli jamoat transportiga qo‘yilgan talab kuchaygan, biroq ba’zi jamoat transportlarida xizmat ko‘rsatish sifati pastligicha qolyapti. Ayrim haydovchilarda muomala madaniyatining yetarli emasligi va yo‘l harakati qoidalariga rioya etmayotgani esa mutasaddi tashkilotlarga murojaatlar sonining ortishiga olib kelmoqda.
Senatning axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev Transport vaziriga aholiga transport xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha ishlar holati yuzasidan senator so‘rovi yubordi.
Senator so‘rovida qayd etilishicha, aholi sonining muntazam ortib borayotganligi tufayli jamoat transportiga qo‘yilgan talab kuchaygan, biroq ba’zi jamoat transportlarida xizmat ko‘rsatish sifati pastligicha qolyapti. Xususan, hududlarda jamoat transporti vositalari soni yetarli emas va belgilangan harakat jadvallariga rioya etilmaydi, bu esa muammolarni yanada ko‘paytirmoqda.
So‘rovda yo‘lovchilar avtobus bekatlarida jamoat transportini uzoq muddat kutib qolishi va ko‘zlangan manzillariga o‘z vaqtida yetib bora olmasligi ularning kundalik ishiga ta’sir qilayotgani, ayniqsa, keksalar, nogironligi bo‘lgan fuqarolar, davlat xizmatchilarining jamoat transportlarida yaratilgan sharoitlardan noroziligi, ayrim haydovchilarda muomala madaniyatining yetarli emasligi va yo‘l harakati qoidalariga rioya etmayotgani, bu esa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga va mutasaddi tashkilotlarga murojaatlar sonining ortishiga olib kelayotgani ta’kidlangan.
Shuningdek, ayrim transport vositalarining eskirgani va texnik holatining talabga javob bermasligi harakat paytida baxtsiz hodisalarning ro‘y berishi ehtimolini oshirayotgani, shu bilan birga, atrof muhitning ifloslanishi ortib, tirbandliklar kun sayin dolzarb muammoga aylanayotgani qayd etilgan. Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun avtotransport vositalariga chiqish uchun maxsus moslamalarni o‘rnatish ishlariga yetarli e’tibor berilmayotgani, shaharlararo jamoat transportidagi hamda bekatlarni rekonstruksiya qilish kabi masalalarda saqlanib qolayotgan muammolar ko‘rsatib o‘tilgan.
Senator so‘rovida hududlardagi jamoat transportlari uchun yaratilgan sharoitlar, transport vositalarining texnik holati belgilangan talablarga javob berishi, kunlik yo‘lkira haqi reja-topshirig‘ini bekor qilish, shaharlararo jamoat transportlari qatnovini yaxshilash, chiptalar sotilishi va soha shaffofligida o‘z yechimini kutayotgan va korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish kabi masalalarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berilishi hamda sohaga doir qonunchilikni takomillashtirishga oid tegishli takliflar taqdim etish so‘ralgan.
Mavzuga oid
21:05 / 30.09.2024
Yuqori tezlikdagi va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchi tashish xizmati tariflari erkinlashtiriladi
19:46 / 19.09.2024
Jamoat transporti uchun QQS imtiyozi bekor qilinadi
19:38 / 18.09.2024
Toshkentda o‘ndan ortiq avtobus yo‘nalishi vaqtincha o‘zgaradi
18:31 / 18.09.2024