Xitoy poytaxti Pekin shahrida O‘zbekiston Transport vazirligi delegatsiyasi hamda Xitoy aviatsiya ma’muriyati o‘rtasida kelishuv bayoni imzolandi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Qayd qilinishicha, kelishuv bayoni tomonlar o‘rtasida aviaqatnovlar hajmini haftasiga yuztaga (har ikki mamlakat aviakompaniyalari tomonidan elliktadan) olib chiqish, parvozlar geografiyasini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston va Xitoy aviakompaniyalari uchun ikki mamlakatning istalgan shahriga parvoz etish imkoniyatini yaratish (hozir parvozlarni amalga oshirish uchun 7 ta shahar belgilangan), shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi 3 ta aviakompaniya sonini oshirishni nazarda tutadi.
Kelishuv Xitoy aviatsiyasi ma’muriyati tomonidan mamlakat qonunchiligiga muvofiq ichki kelishuv jarayoni tugatilgandan so‘ng, joriy yil aprel oyida ikki mamlakat aviatsiya hukumatlarining qo‘shimcha uchrashuvi yakunlariga ko‘ra kuchga kiradi.











