Xitoyga davlat tashrifining ishbilarmonlik tadbirlari davomida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Guandun muzofoti partiya qo‘mitasi kotibi Xuan Kunmin bilan birgalikda Shenchjen shahrida o‘tayotgan qo‘shma investitsiya forumida ishtirok etdi.

Davlat rahbari forumni ochar ekan, barcha ishtirokchilarni samimiy qutladi va tadbir haqli ravishda Xitoyning innovatsiyalar poytaxti hisoblangan Shenchjen shahrida o‘tkazilayotganida o‘ziga xos ramziy ma’no mujassam ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston prezidenti ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal sur’atda o‘sib, keng ko‘lam kasb etayotganiga alohida e’tibor qaratdi. Keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi ikki barobar ko‘payib, 2023 yilda rekord ko‘rsatkich - 14 milliard dollarga yetdi. 

Davlat rahbari yaqin yillarda, shu jumladan qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni kengaytirish, ayrim turdagi mahsulotlar bo‘yicha imtiyozli savdoni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida yangi hukumatlararo bitim tuzish orqali bu ko‘rsatkichni 20 milliard dollarga yetkazish uchun imkoniyat borligini yana bir bor qayd etdi.

Xitoyning O‘zbekistonga kiritgan umumiy investitsiyalari hajmi 14 milliard dollardan oshdi. Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni uch barobar ko‘paydi. Davlat rahbari yaqinda Urumchida o‘tgan hududlararo forum va sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasida muhim investitsiya kelishuvlari imzolanganini yuqori baholadi.

O‘zbekiston tomoni ushbu ishbilarmonlik platformasiga tizimli tus berish va navbatdagi forumni yurtimizda o‘tkazishga tayyorligi bildirildi. Shuningdek, davlat rahbari doimiy faoliyat yuritadigan ikki mamlakat hududlari kengashini tashkil etish bo‘yicha rejalarni olqishladi.

Birgalikdagi sa’y-harakatlarni yangi loyiha va tashabbuslarni ilgari surishga safarbar etish muhimligini qayd etib, davlat rahbari kelgusi hamkorlikning ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.

Bular - infratuzilmani rivojlantirish loyihalariga Xitoy moliya institutlari mablag‘larini jalb qilishning soddalashtirilgan tartibini joriy qilgan holda ushbu mamlakat kompaniyalari bilan sheriklikni kengaytirish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, shu jumladan strategik xomashyoni chuqur qayta ishlashda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish.