Jahon | 12:30 / 25.01.2024
1535
2 daqiqa o‘qiladi

YeI navbatdagi sammitida Kiyevga harbiy yordamni oshirish masalasi muhokama qilinadi

Germaniya hukumatiga ko‘ra, kelasi hafta bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi sammiti kun tartibidan Ukrainaga qo‘shimcha harbiy yordam ko‘rsatish masalasi o‘rin olgan. Kansler Olaf Shols Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlarini Ukraina armiyasiga yordamni kengaytirishga chaqirdi.

Foto: Anadolu Agency

Yevropa Ittifoqining navbatdagi sammiti mavzularidan biri Ukrainaga Rossiya hujumiga qarshi kurashda harbiy yordamni oshirish bo‘ladi. Germaniya hukumati vakili 24 yanvar, chorshanba kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida: «Bu masala bir haftadan ko‘proq vaqt ichida Bryussel kun tartibiga kiritiladi», dedi.

Shols YeI davlatlarini Ukrainaga harbiy yordamni oshirishga chaqirdi

Ayni paytda, Germaniya kansleri Olaf Shols yana Yevropa davlatlarini Ukrainaga yordamni oshirishga chaqirdi. 2024 yilga rejalashtirilgan Yevropa Ittifoqi yordami hajmi yetarli emas, dedi Shols haftalik Die Zeit gazetasiga bergan intervyusida. «Yevropa har bir davlat qanday hissa qo‘shishi mumkinligini muhokama qilishi kerak, shunda biz yordamni sezilarli darajada oshirishimiz mumkin», dedi u. 

Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Yevropa Ittifoqining Ukrainaga harbiy yordami yarmidan ko‘pi Germaniyadan keladi. Shu bilan birga, agar Qo‘shma Shtatlar keyingi qo‘llab-quvvatlashni rad etsa, Germaniya Kiyevga asosiy qurol yetkazib beruvchiga aylana olmaydi, Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari ham o‘z hissasini sezilarli darajada oshirishi kerak, deb ta’kidladi Shols. 

Yanvar oyi o‘rtalarida Germaniya 2024 yilda Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish uchun avval rejalashtirilganidek 4 milliard emas, balki 7 milliard yevrodan ko‘proq mablag‘ ajratishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Germaniya hukumati matbuot xizmati Shols va AQSh prezidenti Jo Bayden o‘rtasidagi telefon suhbati yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi. Germaniya va AQSh yetakchilari o‘z suhbatida Ukraina o‘zini Rossiya hujumidan himoya qilishda davom etayotgan bir paytda unga moliyaviy, harbiy va gumanitar yordam ko‘rsatish zarurligini ta’kidladi, dedi Germaniya hukumati matbuot kotibi Shteffen Xebeshtrayt. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid