Toshkentda 2023 yilda avtobuslardan foydalanish bir yarim barobarga oshdi
Toshkent shahrida 2023 yil davomida jamoat avtobuslari kuniga o‘rtacha 662,3 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Umumiy hisobda yil davomida avtobuslardan 241,7 mln marta foydalanildi.
Toshkent shahrida 2023 yil davomida jamoat avtobuslaridan 241,7 million marta foydalanildi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» xabar berdi.
Unga ko‘ra, jamoat avtobuslari kuniga o‘rtacha 662,3 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Bu 2022 yilga nisbatan 62 foizga ko‘p (2022 yilda o‘rtacha 404,4 ming yo‘lovchi tashilgan).
Kunlik qatnovlar soni o‘rtacha 16 847 tani tashkil etdi. Ko‘rsatkich 2022 yilga nisbatan 59,8 foizga oshdi (2022 yilda kunlik qatnovlar soni o‘rtacha 10 542 tani tashkil etgan).
2023 yil davomida jami 6 mln 149 ming 147 ta qatnov amalga oshirildi.
Bugungi kunda poytaxt jamoat transporti tarmog‘i 165 ta yo‘nalishdan iborat. Unda 1 kunda o‘rtacha 1700 ga yaqin avtobuslar yo‘nalishda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Shuningdek, Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilda Toshkent metropolitenida 162,7 mln yo‘lovchi tashilgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yil bilan solishtirilganda 26 mln nafarga ko‘p.
2023 yilda Toshkent metrosida bir kunda o‘rtacha 445,9 ming nafar yo‘lovchi tashilgan bo‘lib, bu 2022 yilga nisbatan solishtirilganda 19 foizga oshgan.
- Bundan avvalroq Transport vazirligi poytaxtda yengil transportga nisbatan avtobuslar 135 barobar samaraliroq ekani haqida tahlillarni e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, bitta yengil avtotransport vositasida bir kunda o‘rtacha 4,3 nafar, bitta avtobusda esa o‘rtacha 580 nafar yo‘lovchi tashilmoqda.