Asosan maishiy texnikalarni xorijiy davlatlardan olib kirishga joriy etilayotgan bojlar va turli cheklovlar mavzusida uyushtirilgan podkast mehmoni bo‘lgan Jahongir Ortiqxo‘jayev suhbat davomida jurnalistlarni oldindan til biriktirib mag‘zava ag‘darishda aybladi va ularni “uyushgan jinoiy jurnalistika” (ruscha OPJ — organizovannaya prestupnaya jurnalistika) deb atadi.
Hokimlik davriga oid mavzularga tegilmasligi sharti bilan “Lolazor” loyihasiga tashrif buyurgan sobiq hokim barcha media vakillarining obunachilari soni 1,5 millionga ham yetmasligini ta’kidlab, bloger va jurnalistlarning bildirayotgan fikrlari butun xalqning nuqtayi nazarini anglatmasligini aytib, bu fikriga argument sifatida shou biznes vakillari orasida obunachisi 5 milliondan ortiq bo‘lganlari borligini keltirdi.
Bu bilan u jurnalistika va shou biznesni farqlay olmasligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Podkast boshlovchisi Xushnudbek Xudoyberdiyev u tanqidlarni ko‘ngliga yaqin olishini aytib, katta ehtimol bilan bu tanqidlar ortida kimdir turibdi deb o‘ylashini taxmin qildi va “Hokimlik davrida tanqidlarga immunitetingiz pastroq bo‘lib qoldimi?” deya savol berdi.
“Yo‘q, agar menda immunitet bo‘lmaganida o‘lib qolgan bo‘lardim. Buncha tanqidlarni uncha-muncha odam ko‘tarolmaydi.
Mana shu yerda o‘tirganlarning barchasining obunachilari hisoblansa 1 millionga bormaydi. Lekin anavi yerdagi aktrisa yoki boshqasiniki 5 million. Sizlar jami 1 millionlik ovozlaring bilan hamma narsani hal qilib tashlayotgandek, jamoatchilik nuqul sizlarning orqalaringdan ergashayotgandek tuyuladi. 30 yoshli yosh avlod vakilidan “Xushnudni taniysanmi?” deb so‘rasang, “qaysi Xushnud?” deydi. “Munisani taniysizmi?” yoki “Hamdam Sobirovni taniysizmi?” desang, “Ha” deydi. “Otabek Bakirovni taniysizmi?” desang, “Yo‘q, nima qilaman ularni”, deydi. “Sen jamoatchilikmasmisan?” deb so‘raysan. “Yo‘q, men jamoatchilik a’zosiman, lekin ular bilan nima ishim bor?” deydi”, deya fikrini bildirgan Ortiqxo‘jayev.
Uning fikricha, “bor-yo‘g‘i jami 1,5 million obunchaga ega blogerlar 5-6 yoki 10 kishilashib yig‘ilib, yorib yuborayotgandek, butun jamoatchilik ularning ortida turgandek, fikrlari to‘g‘ridek, jamoatchilik nomidan gapirmoqda”.
“Agar Magic City sizning 10 nafar obunachingizga yoqmayotgan bo‘lsa, butun O‘zbekistonga yoqmayotgandek qilib ko‘rsatasizlar. Lekin o‘sha yerda hozir bo‘lib turgan odamlarning obunachilari hisoblansa 50 million chiqar?”

















