Kun.uz'ning navbatdagi multfilmi havo ifloslanishi sabablari va taklif etilayotgan yechimlar haqida rasmiylar tomonidan berilgan ma’lumotlar asosida tayyorlandi.
Shaharlarimizda ekologik muammolar ortib boryapti, xususan havo ifloslanishi ortyapti. Bu korxonalar, avtomobillardan chiqadigan tashlamalar bilan bog‘liq.
Vaziyatga yomon ta’sir qilayotgan holatlar:
- daraxtlarni kesishga e’lon qilingan moratoriyga qaramasdan, 49 mingga yaqin daraxt kesildi,
- bosh rejalari tasdiqlangan qurilishlar davom etyapti, qurilish ishlari to‘xtatilishi aytilgan bo‘lsa ham,
- avtotransportdan chiqayotgan zaharli gazlar hajmi ortmoqda, sababi: yoqilg‘i talabga javob bermaydi, mashinalar ekologik talablarga muvofiq emas,
- Toshkentda aholi soni ortgani bois, yengil mashinalar soni ham ortib bormoqda, jamoat transportining umumiy holati yaxshi emas, magistrallardagi yuklama darajasi yuqori, velosipedda yurish qulay emas,
- yoqilg‘i sifatida ko‘mirdan foydalanish hissasi ortmoqda, natijada ko‘mirni qazib olishdan tortib yoqishgacha bo‘lgan jarayonlar atrof-muhitni ko‘proq ifloslantiryapti (Ma’lumot uchun: 10 tn ko‘miryoqilg‘isi yoqilganida atmosfera havosiga 220kg qurum, 360 kg oltingugurd II oksidi, 64 kg uglerod oksidi, 16 kg azot II oksidi va 2 tn kul chiqindisi hosil bo‘ladi),
- issiqlik markazlarida qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida mazut yoqilishi ham atmosfera keskin ifloslanishiga olib kelmoqda (birgina Toshkent shahridagi mavjud 6 ta issiqlik markazlarining 9 ta qozonxonalarida dekabr oyining o‘zida 3 ming tn mazut yoqilgan),
- muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda chorva mollari tizimsiz boqilishi sabab ekotizimlarning buzilishi, katta yer maydonlari degradatsiyasi cho‘llanishga olib kelmoqda, natijada iqlim o‘zgarishining ta’siri kuchaymoqda,
- poytaxt atrofi joylashgan ko‘plab issiqxonalar, ularga tabiiy gaz berilmayotgani sabab, ko‘mir yoqyapti, hatto ballon yoqishgacha boryapti, chiqayotgan zararli tutunlar Toshkent shahri havosiga salbiy ta’sir qilmoqda.
Iqlim o‘zgarishi natijasida ekstremal harorat, changli bo‘ronlar, qurg‘oqchilik holatlari ko‘paymoqda. Biz esa o‘z qo‘llarimiz bilan holatni yanada yomonlashtiryapmiz.














