Pora olish va firibgarlik jinoyatini sodir qilganlikda aybli deb topilgan sobiq sudyalarning barchasiga sud hukmi bilan jazo berilgan. Bu haqda Oliy sudda 2023 yilda odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati hamda sud tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.  

Matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri sud tizimi mas’ullariga aksariyat hollarda pora bilan ushlangan sudyalarga qanday chora ko‘rilgani hamda tergov va sud natijalari nima bo‘lganidan jamoatchilik bexabar qolishi xususida savol bilan yuzlandi.

Jumladan, 2023 yilning 16 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi 4 ming dollar pora olayotganda, 2022 yil fevral oyida esa Yuqori Chirchiq tumanlararo sudi sudyasi sherigi bilan birga 3 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan. Shuningdek, 2022 yilda Toshkentda noqonuniy egallangan yer uchastkalari bo‘yicha ishlarni manfaatdorlar foydasiga hal qilib berganlik uchun Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha ikki sudyasiga jinoiy ish ochilgan. Biroq ushbu sudyalarning keyingi taqdiri nima bo‘lgani jamoatchilikka ochiqlanmagan.

Savolga javob bergan Oliy sud raisi o‘rinbosar Ikrom Muslimovga ko‘ra, ushbu sudyalarning barchasiga jazo tayinlangan.

“Axborot berganmiz, yashirmaganmiz. Sudyalar borasida esa jamoatchilikda qiziqish bo‘lmagan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudyasi Bahriddin Ikromov 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va jazoni ijro etish joylarida jazo muddatini o‘tayapti. Yuqori Chirchiq tuman tumanlararo sudi sudyasi Toshpo‘latovga 2 yil axloq tuzatish ishlari tayinlangan. U firibgarlik jinoyati sodir qilgan deb topilib, zarar qoplangani uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo berilgan. Shuningdek, Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha ikki sudyasiga ham Jinoyat kodeksining 231-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ozodlikdan cheklash jazosiga sudlangan”, deya ta’kidlagan Ikrom Muslimov