Jahon moliya bozori navbatdagi qaynoq haftani muvaffaqiyatli yakunladi. Muhim hodisalardan biri, AQSh iqtisodiyotining 2023 yilning IV chorak Yalpi ichki mahsulot (YaIM) ko‘rsatkichining e’lon qilingani bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlar iqtisodiyoti so‘nggi chorakda bozorning 3,3 foiz prognoziga nisbatan 3,2 foiz o‘sishga muvaffaq bo‘ldi. Bu o‘z navbatida dollar indeksiga biroz salbiy ta’sir etdi. Makroko‘rsatkichlar e’lonidan so‘ng, aksariyat moliyaviy bozorlar tepaga qarab harakatlana boshladi.

Jahon Insighs kanali ekspertlari 26 fevraldan 1 martgacha bo‘lgan davrda xalqaro moliya bozorida sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni tahlil qilib chiqdi.     

AQSh top fond bozorlari indeksi:

S&P500 – 5137,07 (hafta boshidan +0,95 foiz, yil boshidan +7,7 foiz);

NASDAQ – 18302,91(hafta boshidan +2,04 foiz, yil boshidan +8,78 foiz);

DJI – 39087,39 (hafta boshidan -0,11foiz, yil boshidan +3,71

foiz).

AQSh fond indekslari so‘nggi hafta ham hayratlanarli o‘sish sur’atini davom ettirdi. Xususan, 500 ta eng yirik kompaniyalardan tarkib topgan S&P500 indeksi 49 punktga o‘sib, hafta mobaynida 5100 punktlik psixologik darajani yengib o‘tdi va tarixiy maksimumini yangiladi. NASDAQ 366 punkt o‘sib, u ham psixologik daraja 18000 punktni buzib o‘tdi. Dow Jones indeksi esa 45 punktga qisqargan bo‘lsa-da, u ham 39000 punktlik psixologik darajasini yengishga muvaffaq bo‘ldi.

Asosiy qimmatbaho metallar:

·       Oltin – 2082,65 dollar (hafta boshidan +2,32 foiz, yil boshidan  +0,97 foiz);

·       Kumush – 33,145 dollar (hafta boshidan +0,96 foiz, yil boshidan  -2,47 foiz);

·       Alyuminiy – 2229,6 dollar (hafta boshidan +2,46 foiz, yil boshidan -6,37 foiz);

·       Mis – 3,86 dollar (hafta boshidan -0,68 foiz, yil boshidan -0,96 foiz).

P.S: yuqorida qimmatbaho metallarning 1 unsiyasi narxi ko‘rsatilgan.

Aksariyat qimmatbaho metallar hafta davomida o‘sish sur’atini taqdim etdi. Alyuminiy, oltin va kumush mos ravishda 53,5 dollar, 47,22 dollar va 0,22 dollarga o‘sdi, mis esa o‘z qiymatini 0,03 dollarga yo‘qotdi.