Shaxsan o‘zim mana shunday noaniqliklarga duch kelib, qanday to‘g‘rilashni bilmay turibman. Keling, bir boshidan hikoya qilib beray.
2018 yilda Samarqand viloyati «Po‘latdarxon» MFYda joylashgan namunaviy loyiha asosida qurilgan kottejimni sotdim. Bankdagi kreditlarini so‘ndirib, taqiqdan chiqarib, Loyish shaharchasidagi davlat notarial idorada yangi egasiga rasmiylashtirib berdim.
Bugungi kunga kelib, o‘sha uy uchun mendan mulk va yer solig‘i talab qilinmoqda. Holbuki, bu uyga endilikda egalik huquqiga ega emasman.

Uyni mendan xarid qilgan inson kadastr idorasida uni nimaga rasmiylashtirib, ro‘yxatdan o‘tkazmadi ekan, degan xayolga ham bordim.
Keyinchalik mendan uyni xarid qilgan odam topildi va uyni o‘z nomiga rasmiylashtirib olgani ma’lum bo‘ldi. Ya’ni uyning yangi kadastr raqami bo‘yicha u ham soliq va boshqa to‘lovlarni muntazam to‘lab kelayotganini ta’kidladi.
Kadastr idorasi tomonidan berilgan guvohnomalarda uyning kadastr raqami negadir ruchkada o‘zgartirilgan. Eski raqam bo‘yicha menga soliq yozilmoqda. Ya’ni men aslida yo‘q uy uchun soliq to‘layapman.


Eng qizig‘i — ana shu mening egaligimda bo‘lmagan, aslida yo‘q uy uchun chiqqan soliq qarzdorligi uchun Oqdaryo tuman soliq inspeksiyasi pulni undirish maqsadida meni sudga beribdi.

Hozir men endi tashvishga mubtalo bo‘lib, sudda uy menga tegishli emasligini isbotlashim kerak.
Bu o‘rinda soliqchilarning ham aybi yo‘qdek, ular ham kadastr bazasidagi ma’lumotlarga qarab soliq undirishadi. Kadastr bazasi esa haligi, o‘zingiz taxmin qilgandek ahvolda. U yerda ishlaydiganlar ruchka bilan ma’lumot o‘zgartiradigan, o‘zgartirgan ma’lumotni bazadan o‘chirmaydigan darajada. Kompyuterda ishlashni ham bilishmasa kerak. Tumandagilar ayniqsa.


















