Farg‘ona viloyati hokimining Farg‘ona shahri markazidagi Yoshlar ko‘lini mehmonxona, restoran, savdo majmuasi hamda ko‘p qavatli turar joylar qurish uchun “Unays building” MChJga doimiy foydalanish huquqi asosida biriktirib berish haqidagi qarori ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Faollar ko‘l farg‘onaliklarga qaytarilishi kerak deb hisoblamoqda.
Holatga munosabat bildirgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Bosh prokuraturadan ushbu masalaga huquqiy baho berilishini so‘rashini ma’lum qilgan.
“Xalqni rozi qilish, kelajakda emas, odamlarga aynan bugun qulay sharoitlar yaratish Yangi O‘zbekistonning bosh talabiga aylangan kunlarda yashayapmiz. Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning aynan ana shu tamoyil asosiga qurilayotgani shubhasiz, yurtdoshlarimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlayotir.
Shunga qaramay, afsuski, ayrim hollarda aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir qiladigan holatlar ham uchrab turibdi. OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan mavzu – Farg‘onadagi Yoshlar ko‘li o‘rnida uy-joy binolari qurish bilan bog‘liq holat bunga misol bo‘lishi mumkin. Bunda eng yomoni, ona tabiatga va aholi istagiga zid tarzda qabul qilingan qaror tufayli mahalliy aholi va yoshlarda asosli e’tirozlar yuzaga kelmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi 2020 yilda ta’mirlangan, keyingi uch yilda esa noma’lum sabablarga ko‘ra suvsiz qoldirilgan Yoshlar ko‘lining taqdiriga, shuningdek, aholi talabi va qonunchilikka zid tarzda qabul qilingan qarorni bekor qilishi shart, deb hisoblaydi. Qayd etish joizki, amaldagi qonunchilikka muvofiq, viloyat hokimlarining yer berish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatlari tugatilgan.
Bas, shunday ekan, Farg‘ona ahliga, ayniqsa yoshlarga sport bilan shug‘ullanish uchun xizmat qilgan hudud taqdirini bitta qaror bilan o‘zgartirib yuborish bugungi kun talabiga ham, qonunchiligimizga ham ziddir.
Shundan kelib chiqqan holda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bunday noqonuniy qaror chiqarish amaliyotini keskin qoralaydi hamda Bosh prokuraturadan ushbu masalaga huquqiy baho berilishini so‘raydi”, deyiladi partiya munosabatida.
Davletovuz Telegram-kanali muallifi Qobil Xidirov ko‘l va parklar xususiy qo‘llarga berilmasligi kerakligini, chunki ular ijtimoiy ne’mat ekanligini, Farg‘onadagi ko‘l ham haqiqiy egasi – xalqqa qaytarilishidan umid qilishini bildirgan















