Rossiya mudofaa vazirligi 12 mart tongida yetti oblast: Moskva, Leningrad, Belgorod, Kursk, Bryansk, Tula va Orlov oblastlarida 25 ta uchuvchisiz uchish apparatlari urib tushirilgani yoki ishdan chiqarilgani haqida xabar berdi.

Yana ikki region — Nijyegorod va Voronej oblastlari gubernatorlari ham tungi dronlar hujumi haqida xabar bergan. Kiyev odatda Rossiya hududidagi yonilg‘i korxonalariga berilgan zarbalarga aloqadorligini rasman tasdiqlamaydi, ammo qat’iyan rad ham etmaydi.

Nijyegorod oblastidagi neftni qayta ishlash zavodi va Oryoldagi neftbaza

Nijyegorod oblastida dronlar «Lukoyl»ning Kstovo shahridagi neftni qayta ishlash zavodi hududiga qulagan. Nijniy Novgorod yaqinidagi bu hodisa haqida mahalliy nashrlar va TASS agentligi xabar berdi.

Nijyegorod neftni qayta ishlash zavodi hududi
Foto: Roman Yarovitsin, Kommersant’

Keyinroq TASS Rossiyaning eng yirik neft kompaniyasi eslangan xabarini o‘chirib yubordi, gubernator Gleb Nikitin esa «yonilg‘i-energetika kompleksi obekti» formulirovkasini qo‘lladi va u yerdagi neftni qayta ishlash qurilmalaridan birida yong‘in boshlanganini ma’lum qildi.

Bu Kstovoga ilk bor dronlar uchib kelishi emas. 31 yanvar kuni RIA Novosti manbasi Kstov rayonida ikkita dron radioelektron kurash vositalari bilan zararsizlantirilgani haqida xabar bergandi. Dronlar avvalroq Nijyegorod oblastining Dzerjinsk shahriga ham hujum qilgandi, bu yerda kimyo sanoati korxonalari joylashgan.

Nijyegorod NQZ — Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri sanaladi.

Kstovodan Ukrainaning Kiyev nazorati ostidagi eng yaqin nuqtagacha to‘g‘ri chiziq bo‘yicha 800 km chiqadi (shu bilan birga, dronlar doim ham to‘g‘ri chiziq bo‘yicha uchmaydi). Agentlik manbasi o‘shanda ular Ryazan oblasti tomondan uchib kelgani, haddan tashqari past balandlikda uchgani (50 metr) va radioelektron kurash vositalari orqali ishdan chiqarilganini ma’lum qilgandi.