Markaziy bank fevral oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, aholining inflatsiya bo‘yicha yillik kutilmalari 0,1 foiz bandga pasayib, 13 foizni tashkil qilgan.
Aholi kelgusida narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:
- valuta kursi o‘zgarishi (56 foiz);
- yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishi (54 foiz);
- kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (39 foiz);
- transport xarajatlarining oshishi (33 foiz);

Fevral oyida kelgusida narxlarga bosim o‘tkazishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida yoqilg‘i va energiya resurslari qimmatlashishi hamda transport xarajatlari oshishini qayd etgan respondentlar ulushi oshgan bo‘lsa, narxlarning sun’iy oshirilishini omil sifatida belgilagan respondentlar ulushi kamaygan.
Tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari
Fevral oyi yakunlari bo‘yicha kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishiga oid respondent tadbirkorlik sub’yektlarining kutilmalari 12,7 foizni tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz qolgan.
Biznes vakillari narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:
- valuta kursining o‘zgarishi (57 foiz);
- yoqilg‘i va energiya resurslarining qimmatlashishi (49 foiz);
- kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (37 foiz);
- transport qimmatlashishi (35 foiz).

Yoqilg‘i va energiya resurslari hamda transport xarajatlarining qimmatlashishini narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omil sifatida qayd etgan tadbirkorlar ulushi oshgan bo‘lsa, valuta kursi o‘zgarishini inflatsiyaga asosiy sabab bo‘ladi deb belgilaganlar salmog‘i kamaygan.
So‘rovnomada qatnashganlar orasida eng yuqori inflyatsion kutilma tibbiyot (15,5 foiz) va ishlab chiqarish (14,8 foiz) sohasida ishlovchilarda kuzatilgan. Eng past kutilmani qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchilar belgilagan. Tadbirkorlik sub’yektlari orasida eng pessimistik kutilma madaniyat (13,6) sohasiga, eng optimistik kutilma esa hunarmandchilik (9,3) sohasiga to‘g‘ri kelgan.


















