Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari (SBU) Vasiliy Malyuk «Fakti ICTV» kanali uçun intervyu berib, ukrain maxsus xizmatlari Rossiya neftni qayta işlaş zavodlariga dronlar orqali zarbalar berganini tasdiqladi. U şuningdek Zaxar Prilepinga uyuştirilgan suiqasd hamda «harbiy muxbir» Vladlen Tatarskiy va Oliy radaning sobiq deputati Ilya Kivaning öldirilişiga izoh bergan. Quyida uşbu intervyuning asosiy joylari keltiriladi.

«Biz nima qilişimiz kerak? Putinni kisloroddan uzişimiz»

Vasiliy Malyuk Ukraina xavfsizlik xizmati Rossiyaning neftni qayta işlaş zavodlariga uçuvçisiz uçar qurilmalar orqali hujumlar uyuştirayotganini tasdiqlagan. Uning sözlariga köra, bunday hujumlar davom ettiriladi. U «Rossiya öz budjetini aynan neft mahsulotlari eksporti hisobiga töldirişi»ni ta’kidlagan. 

«Bu amalda uning budjetining uçdan bir qismi, harbiy budjetning esa asosiy uluşidir. Biz nima qilişimiz kerak? Albatta, bunday tuşumlarni maksimal darajada minimallaştiriş va avtomatik ravişda [Vladimir] Putinni kisloroddan uzişimiz. Şuning uçun uzoq masofali dronlar orqali qator muvaffaqiyatli amaliyotlar ötkazildi», — degan u. 

Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari tasdiqlaşiça, Ukraina neftni qayta işlaş zavodlariga hujumlar evaziga «allaqaçon Rossiya neftini qazib oliş va qayta işlaş hajmini 12 foizga qisqartirgan». U Ukraina xavfsizlik xizmati bu işlarni Ukraina mudofaa vazirligining Maxsus amaliyotlar kuçlari (SSO) va Boş razvedka boşqarmasi (GUR) hamkorligida amalga oşirayotganini qöşimça qilgan. 

«Qrim köprigini yöq qiliş uçun salohiyatimiz yetarli»

Malyukning sözlariga köra, Ukraina qurolli kuçlarining ikki hujumidan keyin Rossiya endilikda Qrim köprigidan qurollarni taşişda foydalanmayapti — bu hujumlar 2022 yil oktyabrida va 2023 yil iyulida amalga oşirilgandi. U Moskva köprikni töliq tiklaş ustida iş olib borayotganini qayd etgan. 

«Ular tayanç ustunlarni tiklaganida, yana qurol-aslahalarni taşiy boşlaşi mumkin. Öşanda, tabiiyki, biz yana bir bor ularga „salom“ yöllaymiz. Barça narsaning öz vaqti bor, keling, voqealar rivojidan oldinga ötib ketmaylik. Albatta, bizda uni töliq yakson etiş uçun salohiyat bor», — degan UXX rahbari.

U şuningdek Qrim köprigiga 2022 yil oktyabrida amalga oşirilgan ilk hujumga tayyorgarlik tafsilotlariga töxtalgan. Uning sözlariga köra, «operativ reja»ni işlab çiqiş 2022 yil martida boşlangandi. Köprikda «plyonka rulonlari ostiga yaşirilgan» qölbola portlovçi qurilmalar portlatilgandi.