Falastinning G‘azo bo‘lgasida vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Ramazonda ham urush to‘xtamadi, odamlar Isroil raketa zarbalari va ochlikdan o‘lishda davom etyapti. BMT bir necha oydan buyon sektordagi oziq-ovqat yetishmovchiligi kritik darajaga yetganini haqida ogohlantirib keladi.

Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, qayd etilayotgan statistikalar G‘azodagi gumanitar inqiroz allaqachon sun’iy yaratilgan ocharchilikka aylanib bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Oqibatda Isroilga bo‘lgan xalqaro bosim yanada oshdi. Davlatlar va xalqaro tashkilotlar Isroildan huquqiy burchlarini bajarib, tinch aholini himoya qilish va tinch aholi uchun gumanitar yordam mahsulotlarini o‘tkazishni so‘rashmoqda.

Falastinlik bolalar Rafahdagi lager yaqinida ovqatga navbatga turishibdi
Foto: Abed Zagout/Anadolu Agency/Getty Images

BMTning inson huquqlari bo‘yicha yuqori martabali mulozimi Volter Tyurk BBC bilan suhbatda Isroil G‘azodagi ochlikdan urushdagi qurol sifatida foydalanayotganini aytgan. Bu isbotlansa, sun’iy ochlik Isroil tomonidan amalga oshirilgan harbiy jinoyatga tenglashtirilishi mumkin.

BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Volter Tyurk
Foto: Pool photo by Salvatore Di Nolfi

Isroil iqtisodiyot vaziri Nir Barkat BMT inson huquqlari bo‘yicha komissarining gaplarini safsata deb atab, mulozimning o‘zini mas’uliyatsizlikda ayblagan.

Falastinlik ayol sun’iy nafas olish apparatiga ulangan bolasi bilan
Foto: Mohammed Abed/AFP/Getty Images

Turli davlatlarning G‘azoga yuborayotgan gumanitar yordamlari Misr chegarasidagi Rafah postida turib qolib, Isroil ularni juda uzoq byurokratik to‘siqlardan keyingina o‘tkazmoqda. Oqibatda Iordaniya, Britaniya va AQSh G‘azoga osmondan yordam yuklarini tashlashga qaror qildi. Vaholanki bu eng samarasiz yo‘l hisoblanadi. Hozirgacha yordam yuklarini olayotganda 12 kishi dengizga cho‘kib o‘lgani, 5 kishi ustiga parashyuti ochilmagan quti tushishi oqibatida halok bo‘lgani ma’lum.