Shahar rasmiylariga ko‘ra, 10 aprel kuni Orenburg hududida Uraldagi suv sathi ming santimetrdan oshgan. Undan oldingi kunda bu hududda suv sathi qariyb bir metrga ko‘tarilgandi.
Gidrologlar yaqin kunlarda Orenburg hududida Ural suvi kuniga 30-70 santimetrdan oshishini prognoz qilmoqda.
Ural irmoqlaridan biri Sakmara daryosida suv sathi 813 santimetrga yetgan, 870 santimetr xavfli nuqta hisoblanadi.


O‘tgan kun davomida Orenburgda 300 dan ortiq uy suv ostida qolgan, yana 200 tasini yaqin vaqtlar ichida suv bosishi mumkin, deb xabar bergan shahar rahbarining birinchi o‘rinbosari Aleksey Kudinov. Orenburgda va uning atrofida jami 2,5 ming atrofida tomorqa va 2 ming atrofida uylarni suv bosgan.

Foto: ALEEV EGOR/TASS
Avvalroq Orenburg oblasti gubernatori Denis Pasler Orenburg shahrida uylari suv bosish xavfi ostida bo‘lgan aholi vakillarini evakuatsiya bo‘lishga chaqirgandi. U Ural va Sakmara daryosi bo‘yidagi hududlarni suv bosish xavfi ostidagi hududlar sifatida keltirgandi.
Orenburg shahri va shu nomli rayonda suv bosib bo‘lgan hududlar aholisini evakuatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Bular asosan dala hovlilardan iborat posyolkalardir.
Hududda jami 865 kishi evakuatsiya qilingan, 58 kishi, jumladan 22 nafar bola vaqtincha joylashtirish markazlariga olib kelingan.
«Orenburg Media» telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, 10 aprel tongida bir soat ichida Dubki posyolkasidan 30 kishi evakuatsiya qilingan. Yana 13 kishini qutqaruvchilar Duboviy ples posyolkasidan olib chiqishgan, avvalroq bu hudud aholisi evakuatsiyadan bosh tortgandi.

Foto: ALEEV EGOR/TASS

















