Donetskda amerikalik «harbiy muxbir» Rassel Bentli halok bo‘ldi
Rassel Bentli Donbassda rossiyaparast ayirmachilar tomonida jang qilgan. U bilan aloqa uzilganidan so‘ng, uning rafiqasi «uni 5-brigada tankchilari noqonuniy ravishda ushlab turishganini» aytdi.
Rossiyaning Sputnik media-loyihasining «harbiy muxbiri», Rossiya fuqaroligini olgan, Texas chaqiruv belgisiga ega amerikalik Rassel Bentli Donetskda halok bo‘ldi. Bu haqda 19 aprel, juma kuni RT Rossiya davlat telekanali bosh muharriri Margarita Simonyan Telegram’da ma’lum qildi.
U Donbassda amerikalikning o‘limi holati bilan bog‘liq tafsilotlarni oshkor qilmadi. «RBK» onlayn-nashri xabar berishicha, Rassel Bentlining rafiqasi Lyudmila 8 aprel kuni uning g‘oyib bo‘lgani haqida xabar bergan va Rossiya Federatsiyasi tergov organlariga erini tezda topishga yordam berishni so‘rab videomurojaat yozgan. Nashrga ko‘ra, Bentli Donetskdagi otishma sodir bo‘lgan joyga yaradorlarga yordam kerakmi yoki yo‘qmi, shuni bilish uchun borgan, keyin esa aloqaga chiqishni to‘xtatgan.
O‘z navbatida, «Donetskoye agenstvo novostey» deb nomlangan portal «DXR» «Jamoat palatasi raisi» Aleksandr Kofmanga tayanib, Lyudmila Bentli «halok bo‘lganlardan birining DNK tahlili haqida ma’lumot olib, uning Rasselga tegishli bo‘lishi mumkinligini tasdiqlagani» haqida yozdi.
Rasselning «kamuflyajdagi odamlar» tomonidan qo‘lga olinishi haqida ma’lumot
15 aprel kuni Lyudmila Bentli «V kontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi Russell Bentley sahifasida uning eri «5-brigada harbiy xizmatchilari, tankchilari tomonidan noqonuniy ravishda olib ketilgani va ushlab turilgani» haqida «aniq ma’lumotga ega» ekanligini aytdi. «Rassel 2024 yil 8 aprelda, taxminan soat 16:20 dan 17:00 gacha Donetskning Petrovskiy tumanidagi Avtobaza hududida qo‘lga olingan», — deya ta’kidladi u.
O‘sha kuni, 15 aprelda Astra Telegram-kanali Rasselni «amerikalik ko‘ngilli va jurnalist» deb atagan donetsklik rejissyor Aleksandr Korobkoga tayanib, uni «kamuflyaj va harbiy kiyimdagi odamlar olib ketishgan» deb yozdi. «Ular uni «josus» deb o‘ylab, harbiy tergovchilar oldiga olib ketgan bo‘lishi mumkin», — deya suhbatdoshining fikrini keltirgan kanal.
«Donetskoye agenstvo novostey» portaliga ko‘ra, Rassel Bentli AQSh Qurolli kuchlarida uch yil xizmat qilgan, Luiziana va Germaniyada bo‘lgan, 2014 yil dekabrida esa Donbassga borishga qaror qilgan. Donetskda Bentli mahalliy qizga uylanib, Rossiya fuqaroligini olgan.
Mavzuga oid
12:06 / 14.12.2024
UQK «Donetsk» guruhi qo‘mondoni almashtirildi
15:20 / 30.10.2024
UQK generali Marchenko: Donbassdagi front «parchalandi»
15:50 / 29.10.2024
Rossiya armiyasi Donetsk oblastidagi Gornyak shahrini egalladi
22:49 / 15.08.2024