G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari tarixiga nazar tashlansa, KGB hamda sovet tashqi razvedka boshqarmasi (GRU) xodimlaridan juda ko‘pchiligi AQSh yoki Yevropa davlatlariga qochib o‘tganini ko‘rish mumkin.

Ularning aksariyati AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) yoki Britaniyaning MI xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qilgan. Shuningdek, aksincha MI va MRB xodimlari sovetlar foydasiga ishlagan.

KGB josuslarining G‘arbga qochib o‘tishlariga ayrim hollarda pul, boshqasida SSSRda zo‘ravonlik va ma’muriy buyruqbozlik ustiga qurilgan tuzum sabab bo‘lgan. G‘arbga qochib ketgan juda ko‘p KGB xodimlari sovet ittifoqidagi adolatsiz va zo‘ravon tuzumda yashashni xohlamaganini aytgan.

Ularning ayrimlari xizmatlari qadrlanmaganini sabab qilib ko‘rsatgan. Yoki nohaq jabr ko‘rgani uchun alamzada bo‘lishgan va G‘arbga qochib o‘tgan. Shunday bo‘lsa-da, ularga MRB yoki MI tomonidan katta miqdorda mukofot pullari to‘langan.

Shuningdek, G‘arb davlatlarida erkin jamiyat va yuqori maosh to‘langaniga qaramasdan ayrim hollarda SSSR foydasiga josuslik qilgan shaxslar ham uchrab turgan.

Ularning ayrimlari sovetlarning «butun dunyoni teng qilish» haqidagi puch g‘oyasiga uchgan bo‘lsa, boshqalari sovetlar tomonidan to‘langan mo‘may pulga qiziqqan.

Har ikki tomon bir-biriga qarshi josuslarni tayyorlar ekan, ular turli usullarda ishlardi. Masalan, “nolegal josuslar” deb ataladigan josuslar boshqa davlatga borgach, tamomila boshqa odamga aylanar va uning amerikalik yoki rus ekanini hech kim bilmasdi.

2020 yilda Rossiya federal xavfsizlik xizmati sovet davrida xorijda ishlagan ana shunday “nolegal josuslar”dan bir guruhini oshkor qildi. Ular G‘arb davlatlarida “ispan”, “fransuz” bo‘lib yashagan.

Yana bir toifa josuslar bor, ular ikki tomonga ham ishlaydi va ikki tomondan pul oladi. Bunday josuslar garchi o‘z davlatining xavfsizlik xizmatida ishlasa ham raqiblar bilan hamkorlik qiladi.

Bunday josuslar “ikki tomonlama josuslar” deb ataladi. Ikki tomonlama josuslikning boshlanishiga ham ba’zida pul, boshqasida esa ma’lumot almashib turish uchun raqib bilan hamkorlik sabab bo‘ladi.

Aslida ikki tomonlama josus bo‘lish juda xavfli ish. Bunda josus istalgan vaqtda tomonlarning biriga qo‘lga tushib qolishi ehtimoli yuqori. Biroq katta pul tufayli josuslar o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa ham ikki tomonlama ishlagan.