O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qarori bilan, may oyidan boshlab meva-sabzavot mahsulotlariga tavsiyaviy eksport narxlari joriy qilingan edi. Yetkazib beruvchilarga haqiqiy narxlarni tavsiya etilganidan 20 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorgacha pasaytirishga ruxsat berilgandi. Lekin ko‘p o‘tmay, hukumat qarori bilan tavsiya etilgan narxlar minimal narxlarga o‘zgartirildi.

EastFruit tahlilchilariga ko‘ra, bu minimal narxlarni belgilashda har bir mahsulot uchun sifat toifalari, navlari va boshqa omillar hisobga olinmasligi mumkin.

“Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, bunday qarorlar hech qachon hech qaysi nuqtai nazardan ijobiy natijalarga olib kelmaydi. Ular, birinchi navbatda, ishlab chiqaruvchilar va kichik eksportchilarga ta’sir qiladi – ularning mahsulot sotish imkoniyatlari torayadi. Bu o‘z navbatida mahsulot yetishtirishga sarmoya kiritishga qiziqishni darhol pasaytiradi va mamlakatni yirik tizimli importyorlar uchun unchalik jozibali bo‘lmagan hamkorga aylantiradi. Darhaqiqat, bunday qo‘lda tartibga solish bilan uzoq muddatli hamkorlik shartnomalarini tuzish juda xavfli bo‘ladi.

Shu bilan birga, soliq tushumlarini oshirish va valuta nazoratini yaxshilash nuqtai nazaridan bunday chora samarasizdir. Yirik kompaniyalar uchun zamonaviy moliyaviy vositalardan foydalangan holda minimal narxlarni chetlab o‘tish qiyin emas, ammo buning natijasida soliq bazasi kamayishi mumkin”, – deyiladi tahlillarda.

Ekspertlarga ko‘ra, O‘zbekiston meva-sabzavot eksportida yuqori ijobiy dinamika kuzatilyapti: 2023 yilda O‘zbekistonning eksportdan daromadi 10 foizga kamayib, 777 million dollarni tashkil qilgan. Rasmiylar esa meva-sabzavotlar statistikasiga quruq dukkaklilarni ham qo‘shib, hisobotlarda kattaroq raqamni ko‘rsatishmoqda, vaholanki sifatli tahlil uchun bu mahsulotlar donli dukkaklilar eksporti bandidan joy olishi kerak, chunki quruq dukkaklilarning xususiyatlari va savdo tuzilmasi meva-sabzavotlardan umuman farq qiladi.

“Eksportni rivojlantirish uchun jozibali imkoniyatlar bo‘lishiga qaramay, Rossiya dunyoning aksariyat davlatlaridan meva-sabzavot olib kirilishini taqiqlagani sababli O‘zbekiston eksporti stagnatsiyaga uchragan. Eksport ko‘rsatkichlari so‘nggi besh yil davomida deyarli o‘zgarishsiz qolib, 700 mln dollardan 900 mln dollargacha o‘zgarib turibdi”, – deyiladi EastFruit sharhida.