2017 yilda AQShda Hollivudda ishlab chiqarilgan film ommaga namoyish etildi. Filmda 1970-yillarda uchuvchilik kasbini egallab xususiy aviakompaniyalarda turli samolyotlarni boshqargan shaxsning hayoti hikoya qilinadi.

Bu shaxs MRB e’tiboriga tushib qoladi va maxfiy xizmatning talabi bilan AQShdan Karib havzasida joylashgan davlatlardagi turli isyonchilar yoki ularga qarshi kurashayotgan hukumatlar uchun qurol-yarog‘ tashiy boshlaydi.

Bundan xabar topgan kolumbiyalik narkokartellar uchuvchi bilan aloqa bog‘lab, uni orqaga qaytishda AQShga giyohvand moddalar olib ketishga ko‘ndirishadi.

Keyinroq, MRB xodimlari uning kichik samolyotiga kamera o‘rnatadi va shu tariqa Karib havzasida joylashgan davlatlardagi turli obektlar tasvirlarini olishadi. Uchuvchi esa ortga qaytishda giyohvand moddalar tashishda davom etadi.

Bu uchuvchining nomi Barri Sil edi. Oxir-oqibat Barri AQShda narkokartellar vakillari tomonidan o‘ldirib ketiladi. U vafot etganda 46 yoshda bo‘lgan.

Barri Sil MRB nazariga tushgunicha bo‘lgan vaziyat

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng katta siyosat sahnasiga chiqqan SSSR avvaliga Sharqiy Yevropa davlatlari, so‘ng Koreya yarimoroli yarmi, Xitoy va Kubada kommunistik tuzum o‘rnatishga muvaffaq bo‘ladi.

O‘sha paytlarda mamlakatda millionlab insonlar ulkan bir “qamoqxonada” qiynalib yashardi. Sovet fuqarolari bir nechta sotsialistik lagerga kiruvchi davlatlarni aytmaganda hech qayerga chiqa olmasdi.

SSSR esa dunyoga “sovet fuqarolari baxtli va farovon hayot kechirmoqda” deb targ‘ibot olib borardi. Ana shu targ‘ibotlar tufayli Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi ayrim davlatlarda amaldagi tuzumlarga qarshi qurolli qo‘zg‘olonlar sodir bo‘ladi.

Bunday davlatlar orasida Karib havzasida joylashgan bir qancha davlatlar ham bor edi. Ularda kommunistik tuzum tarafdorlari bosh ko‘targach SSSR isyonchilarga oziq-ovqat va qurol-yarog‘ yetkazib bera boshlaydi.

O‘sha paytda Kuba kommunistik tuzum yo‘lini tanlab, AQShning “boshini og‘ritib turganda” amerikaliklar o‘zlariga yaqin bo‘lgan hudud – Karib havzasida boshqa kommunistik tuzumga ega davlatni ko‘rishni xohlamasdi.

Shu sababli ular qaysidir davlatda kommunistik tuzum tarafdorlari bosh ko‘targan bo‘lsa, amaldagi hukumatga, mabodo davlatni kommunistlar egallab olgan bo‘lsa, ularga qarshi kurashayotgan isyonchi guruhlarga qurol-yarog‘ va boshqa yordamlarni ko‘rsata boshlaydi.