Foto: Arestoviç Telegram-kanali

Notiqligi bilan ajralib turadigan Arestoviç asta-sekin media olamida yanada köproq namoyon böla boşladi va tez orada huquqşunos Mark Feygin bilan uning YouTube-kanalida uruş kundaligi tipidagi jonli efirlar qila boşladi. U frontdagi vaziyat haqida ma’lumot berarkan ukrainaliklarni ğalabaga işontirişga intilar, Rossiyaning frontdagi mağlubiyatlariga urğu berib şu tariqa jamiyatda pozitiv kayfiyat ulaşardi.

Arestoviç öz işini juda yaxşi uddalar va tabiiyki ukrainaliklar uni yaxşi körib qolişdi. Axir uruşgaça asosan psixologik çiqişlari bilan maşhur bölgan bloger endilikda uruşda ğalaba yaqin degan pozitiv kayfiyat ulaşadigan odamga aylangandi. Qiziği, Arestoviç frontdagi holat haqida ham, Rossiyaning muvaffaqiyatsizligi haqida ham yolğonsiz, asl faktlar asosida gapirardi. Qaysi ma’lumotni berişni, qaysi holatga urğu berişni mukammal özlaştirgani sabab uning çiqişlarini körgan ukrainaliklar ğalabaga işonardi.

Feygin: «Arestoviç Kreml manfaatiga işlamoqda»

Yaqinda Arestoviç bilan 1,5 yil davomida frontdagi voqealar haqida odamlarga ma’lumot berib borgan Mark Feygin sobiq şerigi Aleksey Arestoviç xoin ekani, u Kreml manfaatlariga işlayotgani haqida gapirib qoldi. Bunga isboti borligini ham qöşimça qildi. Xöş, oxirgi bir yilda nima voqea böldiki, ukrainlarga ğalaba umidini ulaşayotgan salkam mamlakat qahramoniga birdaniga «Kreml agenti» deb qaray boşlaşdi?

«Propaganda generallari»ga qarşi yolğiz jang

Arestoviç uruş boşida ukrainlarni tinçlantiruvçi çiqişlar bilan çeklanmay Kiyevning Rossiyaga qarşi eng asosiy axboriy jangçisiga aylandi. Harbiy sohadan mukammal xabari bölgan sobiq razvedkaçi rus tilidagi efirlarda Rossiyaning muvaffaqiyatlari yolğonligi haqida isbotlar keltira boşlaydi. Uning efirlarini yuz minglab odamlar körar va ularning katta qismi rossiyaliklar bölgan.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Şu bois Arestoviç rus tilidagi çiqişlari bilan tinimsiz Rossiya axborot maydoniga ta’sir ötkazardi. U uruş boşida ayovsiz jang maydonida Solovev, Skabeva, Simonyan kabi rus propagandaçilariga qarşi Kiyev tomonidan yolğiz kuraşdi deyiş ham mumkin va u aytayotgan gaplariga soğlom aql sohiblari işonişi qiyin bölgan bu «rus propagandasi generallari» fonida aqlli, salobatli körinardi. Bir söz bilan aytganda, uruşning dastlabki oylarida Oleksiy Arestoviç ukrainlar orasida şon-şuhratga kömildi.