FQB Pensilvaniya shtati Batler shahridagi mitingda Donald Trampga o‘q otgan shaxs 20 yoshli Tomas Metyu Kruks ekanini ma’lum qildi. U shahar tashqarisidagi tinch joyda ota-onasi bilan yashagan va Respublikachilar partiyasi tarafdori sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Uning Trampga otgan o‘qi aniq bormagan — o‘q siyosatchining qulog‘ini tirnab o‘tgan — boshqa o‘qlar esa yig‘ilganlardan birini o‘ldirib, yana ikki nafariga og‘ir tan jarohatlari yetkazgan. Uni Trampni sobiq prezident hamda prezidentlikka nomzod sifatida qo‘riqlagan Maxfiy xizmat xodimlari otib tashlagan.
NYT fotografi Dag Mills Tramp tomon otilgan o‘q yo‘nalishini suratga olishga muvaffaq bo‘ldi. Federal surishtiruv byurosi iste’fodagi agenti Mafkl Harrigan bu chindan o‘q izi ekanini tasdiqlagan.

Mitingda qatnashgan Tramp tarafdorlaridan biri yaqin atrofdagi bino tomiga qurollangan odam chiqqanini ko‘rgach, bu haqda politsiyaga xabar bergan, ammo ular hech qanday reaksiya bildirmagan. Uning aytishicha, qurollangan jinoyatchini boshqa odamlar ham ko‘rib, bu haqda xabar berishgan. Qizig‘i, Tramp so‘zga chiqqan minbar yonida ikkita mergan odamlarga va katta ehtimol bilan, qotil joylashgan tomonga qarab turgan. Mitingdagilar aynan shu merganlarni videoga olayotganda otishma boshlanib ketgan.

Tomas Kruksning yonida hujjatlari bo‘lmagan va tergov uning shaxsiga DNK namunalari bo‘yicha aniqlik kiritdi.
Tomas Kruks ota-onasi bilan Pitsburg shahri chekkasidagi Betel-parkda yashagan, bu suiqasd ro‘y bergan joydan 70 km masofadagi hudud. U 2022 yilda o‘rta maktabni tamomlagan va diplomdan tashqari 500 dollar miqdorida «yulduzli mukofot» ham olgan. Bu matematika va tabiiy fanlarni rivojlantirish dasturi doirasidagi mukofot bo‘lgan — bu haqda mahalliy gazetada ham yozilgan.

Maktabdan keyin Kruks uyidan uzoq bo‘lmagan hududda qariyalar uyidagi oshxonada ishlagan.
Pensilvaniya shtati sud idoralari ma’lumotiga ko‘ra, Kruks hech qachon jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortilmagan.
Amerika matbuoti aniqlashicha, respublikachilar nomzodi Trampning hayotiga suiqasd qilgan ushbu yigit Respublikachilar partiyasi tarafdori sifatida ro‘yxatdan o‘tgandi. Joriy yilda Kruks ilk marta prezidentlik saylovlarida ovoz berishi mumkin bo‘lgan.



















