Jamiyat | 16:18 / 16.07.2024
13340
4 daqiqa o‘qiladi

«Detektiv Uz» YouTube-kanali muallifi Sherali Komilov qo‘lga olindi

U Toshkent viloyatining Qibray tumani hududida ushlangan. Komilov 2023 yilning avgust oyida firibgarlik jinoyatida gumonlanib qidiruvga berilgandi.

Foto: Facebook / Abdurahmon Tashanov

«Detektiv Uz» YouTube-kanali muallifi Sherali Komilov qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov o‘zining Facebook'dagi sahifasida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Sherali Komilov 15 iyul kuni soat 17:00lar atrofida Qibray tumanining Do‘rmon aholi punktida qo‘lga olingan. Sherali Komilov avvaliga Qibray tumani IIBga, so‘ngra IIVning 1-sonli tergov izolyatoriga olib ketilgan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov bu ma’lumotni tasdiqladi. Uning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Sherali Komilov muqaddam, 2011 yilda Jinoyat kodeksining 165-moddasi va 2022 yilda 168-modda 3-qismi “b” bandi bilan sudlangan bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tmasdan, o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirgan.

Jumladan, u 2021 yilning 6 iyun kuni fuqaro Sh.S.ga o‘zini mustaqil jurnalist va bloger, deb tanishtirib, ayolning 1999 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Sh.A.ga nisbatan JIB Koson tuman sudining hukmini ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilib, sun’iy shov-shuv ko‘targan. Bu orqali sudning keyingi instansiya qarorlariga ta’sir o‘tkazib, jazoni yengillashtirib berishni va’da qilgan hamda jabrlanuvchidan 5 mln so‘m miqdorda pul undirib, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

2021 yilning 17 dekabr kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida fuqaro S.G.ning ishonchiga kirib, sobiq turmush o‘rtog‘i qarz bo‘lib qolgan ma’lum miqdordagi aliment pulini undirib berishni va’da qilgan hamda undan aldov yo‘li bilan 5 mln so‘m olib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan. 2021 yilning dekabr oyida fuqaro Q.X.ning uy-joy bilan bog‘liq muammoli masalasini hal etib berishni va’da qilgan holda undan aldov yo‘li orqali 3 mln so‘m hamda 300 AQSh dollari undirib, o‘ziga sarflagan.

Bundan tashqari, 2022 yilning 19 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali Qarshi shahar 5-son tergov hibsxonasi xodimi M.A. va Qarshi shahar IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi xodimi B.B.ni sha’ni va qadr qimmatini kamsituvchi so‘zlar bilan haqorat qilganlikda ayblanmoqda.

1979 yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Qaynar qishlog‘ida tug‘ilgan Sherali Komilov «Detektiv Uz» YouTube-kanali muallifi hisoblanadi. U 2023 yilning avgust oyida qidruvga berilgandi.

Komilovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-modda 3-qismi «b» bandi bilan ayblov e’lon qilingan. Bu modda o‘ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan firibgarlik jinoyatini nazarda tutadi va 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Shuningdek, unga 140-modda 3-qismining «a» bandi bilan ayblov e’lon qilingan. Bu jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish jinoyatini nazarda tutadi.

Mavzuga oid