O‘zbekiston | 01:26 / 16.07.2024
4115
4 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta’lim sifatini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 iyul kuni davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari, oliy ta’lim tizimida sifatni oshirish va xalqaro o‘quv dasturlarini tatbiq etishga oid hisobot bilan tanishdi.

Shu kunlarda oliy ta’lim muassasalariga qabul imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda. Bu yil unda 805 ming nafar abituriyent ishtirok etmoqda.

Mutasaddilar 2024/2025 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kadrlar tayyorlash davlat buyurtmasi rejasi bo‘yicha axborot berdi. Qayd etilganidek, bu yil bakalavriatda ham, magistraturada ham muhandislik, qurilish, tabiiy fanlar, matematika, axborot texnologiyalari yo‘nalishlariga kvotalar soni oshirilmoqda. To‘lov-kontrakt asosida qabul davlat va nodavlat muassasalarga bir xil shartlar asosida, oliygohning ilmiy salohiyati va moddiy-texnika bazasiga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlatimiz rahbari oliy ta’lim muassasalariga umumiy davlat buyurtmasini tasdiqlash, bunda mamlakatimiz rivoji va mehnat bozori talablariga e’tibor qaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Yurtimizda muhandis kadrlarga talab yuqori. 20 iyun kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bu sohadagi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish vazifasi qo‘yilgan edi.

Masalan, hozir Surxondaryoda Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti bor. Ularni yiriklashtirish orqali Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Bu samarali boshqaruv tizimini joriy etish, takrorlanuvchi fakultet va kafedralarni qisqartirish, ayrim shtat birliklarini maqbullashtirish imkonini beradi.

Yangi universitetda Ilg‘or muhandislik maktabi tashkil etiladi. Unga bilimi yuqori talabalar tanlov asosida olinib, amaliyotga yo‘naltirilgan maxsus ta’lim dasturlari asosida o‘qitiladi. Bu maktabning yo‘nalishlariga mos sanoat hamkorlari belgilanib, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi. Ularning takliflari asosida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari yo‘lga qo‘yiladi.

Universitetning boshqaruv va o‘qituvchilik lavozimlariga xorijiy tajribaga ega, ilmiy va amaliy malakasi yuqori mutaxassislarni jalb etish, ularning ish samarasini xalqaro standartlar asosida baholash vazifalari qo‘yildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlatimiz rahbari tarmoq, korxona va oliy ta’lim muassasasi uzviyligini mustahkamlash, o‘z sohasida ilg‘or, raqobatdosh mutaxassislar tayyorlash zarurligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil sentabr oyida AQShga tashrifi chog‘ida ta’lim sohasi bo‘yicha ham kelishuvlarga erishilgan edi. Shunga muvofiq, Toshkent shahrida Amerika texnologiyalar universiteti ochilishi kutilmoqda.

Uning faoliyati 2024/25 o‘quv yilidan boshlanadi. Universitetda muhandislik, arxitektura va dizayn, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va moliya, xalqaro munosabatlar sohalari uchun kadrlar tayyorlanadi. Bitiruvchilarga Arizona davlat universiteti yoki AQShda tan olinadigan hamkor xorijiy universitetning diplomi beriladi.

Bu boradagi tashkiliy chora-tadbirlar va kelgusi maqsadlar belgilab olindi.

Mavzuga oid