“Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan jamoat joylari, ijtimoiy obektlar va aholi punktlarining belgilangan joylarida sanitariya-gigiyena shoxobchalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Prezidentning “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2024 yil 1 maydan boshlab tadbirkorlik sub’yektlariga jamoat joylari, ijtimoiy obektlar va aholi punktlarining belgilangan joylarida sanitariya-gigiyena shoxobchalarini tashkil etish huquqi berilgan.

Sanitariya-gigiyena shoxobchalari tashkil etiladigan joylarni tadbirkorlik sub’yektlariga biriktirish elektron auksion savdolari orqali amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Ye-auksion elektron savdo platformasida elektron savdo maydonchasi orqali tanlov o‘tkazadilar va elektron tanlov g‘olibi bilan sanitariya-gigiyena shoxobchalarni tashkil etish bo‘yicha shartnoma tuzadilar.

Bunda:

  • tuman (shahar) hokimligi tomonidan jamoat sanitariya-gigiyena shoxobchalari qurilishi mumkin bo‘lgan joylarning dislokatsiyasini hamda mazkur hududdagi infratuzilma obektlari va aholi harakati gavjumligi darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Ye-auksion tizimidagi alohida veb-sahifada e’lon qilib boriladi;
  • elektron auksion savdolariga qo‘yish uchun sanitariya-gigiyena shoxobchalari o‘rnatiladigan joylarning minimal qiymati (boshlang‘ich narxi) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan aniqlanadi;
  • elektron auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlariga sanitariya-gigiyena shoxobchalari o‘rnatiladigan joylar ijara va mulk huquqi asosida ajratiladi.

Elektron auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari sanitariya-gigiyena shoxobchalarini Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan belgilangan aniq mezon va talablar asosida tashkil etadi.

Bunda, sanitariya-gigiyena shoxobchalarda, majburiy tartibda bolalar va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning shoxobchaga qiyinchiliksiz kirib-chiqishi va ular uchun alohida sanitar-texnik uskunalar bilan jihozlangan kabinalar tashkil etish talab etiladi.