Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Ukraina, Rossiya, Xitoy, Turkiya yetakchilari va sobiq AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Ukrainadagi urushni tugatish istiqbollarini muhokama qilish natijalari asosida Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel nomiga hisobot tayyorladi. 12 iyuldagi ushbu hujjat Vengriya hukumati rahbari saytida 18 iyul, payshanba kuni e’lon qilindi.

«Umumiy kuzatuvlarga ko‘ra, yaqin kelajakda bu harbiy mojaroning intensivligi tubdan oshadi», — deyiladi hisobotda. «Men shaxsan amin bo‘ldimki, urishayotgan tomonlar mojaroga ko‘proq kirishish niyatida va ularning hech biri o‘t ochishni to‘xtatish yoki tinchlik muzokaralari o‘tkazish uchun tashabbus ko‘rsatmoqchi emas, shuning uchun keskinlik pasaymaydi va tomonlar muhim tashqi aralashuvisiz mojarodan chiqish yo‘lini izlashni boshlamaydi», deb ta’kidlaydi Orban. 

Ukrainadagi urushni hal qilishda YeI, AQSh, Xitoy va Turkiyaning roli 

Vengriya bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, vaziyat rivojlanishiga uchta global o‘yinchi ta’sir qilishi mumkin: Yevropa Ittifoqi, AQSh va Xitoy. Orban Turkiyani bu borada muhim mintaqaviy o‘yinchi, «Ukraina va Rossiya o‘rtasida 2022 yilda harbiy harakatlar boshlanganidan beri yagona muvaffaqiyatli vositachi» sifatida tilga oladi. Viktor Orban 9-11 iyul kunlari Vashingtonda bo‘lib o‘tgan NATO sammiti doirasida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan muzokara o‘tkazdi. 

Xitoy o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralarini boshlashga qaratilgan siyosatini davom ettiradi, deb hisoblaydi Orban. Biroq, Pekin bu faoliyatda muvaffaqiyat qozonish imkoniyati deyarli kafolatlangan taqdirdagina faolroq rol o‘ynaydi, deyiladi hisobotda. 

«Trampning Ukraina bo‘yicha batafsil rejasi bor»

Donald Tramp bo‘yicha, Viktor Orbanning fikricha, uning saylovoldi dasturida asosiy rolni AQSh ichki muammolari egallaydi. «Shuning uchun biz uning saylovlar oldidan tashabbus ko‘rsatishini kuta olmaymiz», deb yozadi Orban. Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, Tramp Ukrainada tinchlikka erishish uchun «batafsil reja»ga ega va u saylovda g‘alaba qozonganidan so‘ng darhol uni amalga oshirishga kirishadi.

Shu bilan birga, Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha moliyaviy yuk Trampning saylovdagi g‘alabasidan keyin YeI tomon o‘tadi, deya bashorat qilmoqda Viktor Orban. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh hozirgi siyosati «urushparast». U Yevropa Ittifoqining ushbu siyosatni qo‘llab-quvvatlashini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. «Hozirgi vaziyatda biz kuchli ma’naviy va mantiqiy asosga ega bo‘lgan holda, siyosatimizda yangi sahifani boshlash imkoniyatini topishimiz mumkin. Ushbu yangi bobda biz keskinlikni kamaytirish va/yoki vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish, tinch muzokaralarning boshlanishi uchun shart-sharoit yaratishga harakat qilishimiz mumkin», dedi Orban.