Jahon | 09:20 / 23.07.2024
3020
3 daqiqa o‘qiladi

Sevastopolda havo hujumidan mudofaa tizimlari 15 dan ortiq dronni yo‘q qildi

Sevastopol «gubernatori» Mixail Razvojayev Ukraina Qurolli kuchlarini dron hujumida aybladi va shikastlangan obektlar yo‘qligiga ishontirdi.

Foto: Planet Labs PBC/AFP

Havo hujumidan mudofaa kuchlari va radioelektron kurash bo‘linmalari Sevastopolga uchuvchisiz uchish apparatlarining yirik hujumini qaytardi. Bu haqda Rossiya tomonidan tayinlangan shahar «gubernatori» Mixail Razvojayev o‘zining Telegram-kanalida 23 iyul, seshanbaga o‘tar kechasi aytib, Ukraina Qurolli kuchlarini hujumda aybladi.

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy tomon va Fiolent hududlarida harbiylar akvatoriya ustida 15 dan ortiq dronlarni yo‘q qilishgan», — deb yozdi u Telegram-kanalida. Razvojayevning qo‘shimcha qilishicha, UUAdan birining parchalari qulashi natijasida yuk mashinasi oynasi singan. «Ikkinchi dron parchalari boshqa hududdagi uy yaqiniga tushdi», — deyiladi xabarda. Mixail Razvojayevning aniqlik kiritishicha, «shaharda hech qanday obekt zarar ko‘rmagan», mahalliy xizmatlar esa «vaziyatni kuzatishda davom etmoqda». 

Bir kun avval Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Shebekino tumani o‘qqa tutilishi chog‘ida ikki bola jarohat olgani haqida xabar bergan edi. Mahalliy hukumatga ko‘ra, so‘nggi kunlarda hududga bir necha bor hujum qilingan. Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, 22 iyul kuni kechqurun Borisovda dron hujumlari natijasida yana ikki kishi jarohatlangan. 

Rossiya avvalroq Ukrainaga uchuvchisiz uchoqlar va raketalar bilan zarba bergan

21 iyulga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainadagi nishonlarni raketa va dronlardan o‘qqa tutdi. Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchukning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari «Iskander-M» komplekslaridan uchirilgan uchta ballistik raketa, ikkita X-59/69 boshqariladigan raketalar, shuningdek, 39 ta Shahed dronlaridan foydalangan. 

Sumi viloyati harbiy ma’muriyatining ma’lum qilishicha, 21 iyul kuni ertalab Rossiya qo‘shinlari Shostkino tumanidagi muhim infratuzilma obektlariga raketa va havodan zarba bergan. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, yana bir nechta rus dronlari Kiyev tomon uchgan. U yerda havo hujumidan mudofaa kuchlari shaharga yaqinlashishda barcha dronlarni yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi. Ukrainaning Kiyev, Dnipropetrovsk, Poltava va Mikolayiv viloyatlari ham hujumga uchradi. 

Mavzuga oid