Jahon | 09:49 / 23.07.2024
1154
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropol YeIda kiberjinoyatchilik darajasi oshib borayotganini ma’lum qildi

Yevropa Ittifoqi politsiya xizmati Yevropa internet tarmog‘ida uyushgan jinoyatchilik ko‘paygan, firibgarlar esa eng yangi texnologiyalardan foydalanmoqda, degan xulosaga keldi.

Foto: Mir24.tv / Alan Katsiyev

Yevropa Ittifoqi politsiya xizmati (Yevropol) ma’lum qilishicha, uyushgan kiberjinoyatlar YeIda, jumladan, rivojlanayotgan texnologiyalardan foydalanish orqali ko‘paygan. Bu xulosa tashkilotning rasmiy saytida 22 iyul, dushanba kuni chop etilgan «Internetda uyushgan jinoyatchilikni baholash 2024» (IOCTA 2024) hisobotida keltirilgan.

Hisobotda ko‘rsatilishicha, internetda eng keng tarqalgan firibgarliklar sarmoya bilan bog‘liq, shuningdek, biznes elektron pochta yozishmalari va «ishqiy firibgarliklar» bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari, jinoyatchilar sun’iy intellektga asoslangan vositalardan tobora ko‘proq foydalanmoqda. Yevropol tahlilchilari yaqin kelajakda ular ushbu muhitda yanada ommalashishi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. 

«Bozorga kirib kelayotgan kiberjinoyatchilar soni ham kirishdagi to‘siqlarni samarali kamaytiradigan yangi texnologiyalar, ham hujumning potensial imkoniyatlarini kengaytiruvchi raqamli infratuzilma murakkabligi tufayli barqaror o‘sishda davom etmoqda», dedi hisobot mualliflari. 

IOCTA 2024 bolalar haqidagi onlayn materiallarga alohida e’tibor berdi. Bunday materiallar soni «doimiy ravishda o‘sib bormoqda» va «huquqni muhofaza qilish idoralari uchun tobora ortib borayotgan muammolarni keltirib chiqarmoqda», deb xabar berdi Yevropol. 

Rossiya kiberjinoyatlar bo‘yicha jahon reytingida yetakchilik qilmoqda

Dunyo bo‘ylab eng katta kiberjinoyat tahdidi kam sonli mamlakatlardan keladi, bunda Rossiya yetakchi tahdid bo‘lib, undan keyin Ukraina, Xitoy, AQSh va Nigeriya turadi. Oksford universiteti va Kanberradagi Yangi Janubiy Uels universitetining tadqiqoti mualliflari shunday xulosaga kelishdi, uning natijalari aprel o‘rtalarida chop etildi.

Uch yillik tadqiqotda kiberjinoyatlarning eng muhim manbalari baholandi va tarixda birinchi marta Butunjahon kiberjinoyatlar indeksiga (WCI, World Cybercrime Index) muvofiq davlatlar reytingi tuzildi. Natijada birinchi o‘rinni egallagan Rossiya 58,39 ball, undan keyingi Ukraina 36,44 ball, Xitoy 27,86 ball, AQSh 25,01 ball, Nigeriya 21,28 ball to‘pladi. Global kiberjinoyat o‘choqlari o‘ntaligiga, shuningdek, Ruminiya (14,83 ball), Shimoliy Koreya (10,61 ball), Britaniya (9,01 ball), Braziliya (8,93 ball) va Hindiston (6,13 ball) kirdi. 

Mavzuga oid