Texnik regulyatsiya inspeksiyasi bu ichimlik tarkibida “azorubin E 122” nomli rang beruvchi modda me’yordan ortiqligini aniqlagan (bu modda bolalarning faolligi va diqqatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin). Sanepidqo‘m esa hammasi risoladagidek ekanini aytmoqda. Kun.uz holat yuzasidan surishtiruv olib bordi.
31 iyul kuni Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi “Royal” brendi ostidagi anor ta’mli ichimliklar borasida o‘z o‘rganishlari natijalarini OAVga taqdim etdi.
Inspeksiyaga ko‘ra, laboratoriya xulosasiga asosan ichimlik tarkibida “azorubin E 122” moddasi belgilangan me’yordan ortiqligi ma’lum bo‘lgan.
“UzTR.490-022:2017 “Oziq-ovqat mahsulotlarini tamg‘alash yuzasidan uning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament”ning 36-bandiga muvofiq, tarkibida rang beruvchilar (E122 azorubin, E sariq xinolin, FCF E110 sariq “quyosh botishi”, AC E129 qizil maftunkor, 4R E124 ponso va E102 tartrazin) mavjud bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun “Tarkibida rang beruvchi (rang beruvchilar) mavjud, ular bolalarning faolligiga va diqqatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin” degan ogohlantiruvchi yozuv yozilishi kerak”, – deyiladi rasmiy izohda.
Inspeksiya, yuqoridagilarni inobatga olib, bir qancha qonunlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarini bajarmaslik qonunbuzilishiga olib kelishini eslatgan.
Kun.uz so‘roviga asosan, inspeksiyaning bu xulosasiga asos bo‘lgan sinovlar bayonnomasi taqdim etildi.


Bayonnomada “Royal” savdo brendi ostidagi anor sharbati tarkibida “azorubin E 122” moddasi 126,4 mg/kg miqdorda chiqqani, me’yor esa 57 mg/kg ekani ko‘rsatilgan.
Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan mahsulotni O‘zbekistonga “Tash Royal Drink” MChJ import qiladi. Korxona vakillarining Kun.uz'ga bildirishicha, bu mahsulot turini sertifikatlash Texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakolatiga kirmaydi. Mahsulot uchun Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasining tegishli bo‘linmasi tomonidan sanitariya-epidemiologiya xulosasi olingan.







