Parij Olimpiadasida boks bo‘yicha bahslar tobora o‘zining qizg‘in pallasiga kirayotgan bo‘lishiga qaramay, yakshanba tongida butun dunyo boks ishqibozlarining nigohi Los-Anjyelesga qaratiladi. Kechaning asosiy to‘qnashuvida super yarim o‘rta vazn toifasida WBA kamari sohibi Isroil Madrimov afsonaviy Terens Krouford bilan bellashadi. 40ta bahsida 40 g‘alabaga erishgan yilning eng yaxshi bokschisiga qarshi jang oldidan Isroil faqat bitta narsani so‘rashini aytib, muhim murojaat bilan chiqdi.

Mag‘lubiyat nimaligini bilmayotgan raqiblar

O‘zbekiston vaqti bilan 4 avgust tongida AQShning Los-Anjyeles shahridagi 22 ming tomoshabin sig‘imiga ega «BMO Stadium» arenasida «Riyadh Season» seriyasidagi katta proffesional boks oqshomi tashkil etiladi. Kechaning markaziy jangida super yarim o‘rta vazn toifasida WBA yo‘nalishi chempioni Isroil Madrimov amerikalik Terens Krouford bilan to‘qnash keladi. Bu jangda o‘zbekistonlik 29 yoshli bokschi o‘ziga tegishli WBA kamarini himoya qiladi. Qolaversa, o‘rtaga WBO Interim kamari ham tikilgan. Shuningdek, jang g‘olibi WBC kamari da’vogariga aylanadi.

Terens Krouford «Pound-for-pound» reytingi yetakchisi hisoblanadi. U prof boksda jami 40ta jangida 40ta g‘alabaga erishgan. E’tiborlisi, 36 yoshli bokschi 31ta jangini nokaut bilan yakunlagan. Yengilmas Krouford taxallusini olgan charm qo‘lqop ustasi mutlaq jahon chempioni, WBC va WBA kamarlari egasi sanaladi.

Isroil Madrimov esa super yarim o‘rta vazn toifasida WBA kamari sohibi sanalib, professional boksdagi 10ta jangidan 9tasida g‘alabaga erishgan, faqat bitta jangda durang qayd etgan. 7ta jangni nokaut bilan yakunlagan.

Nazvaniye

Jangdan bir kun oldin, 3 avgust kuni har ikki bokschi vazn o‘lchash marosimi qatnashishdi. Unga ko‘ra, Madrimov – 69,85 kg, Krouford – 69,58 kg vaznda ekani qayd etildi.

Usikni ortda qoldirgan va yil bokschisi deb topilgan Krouford

Uchta vazn toifasidagi jahon chempioni va pound-for-pound reytingi peshqadami Terens Krouford iyun oyida ESPY talqiniga ko‘ra, yil bokschisi deb topilgandi.

Ushbu nominatsiyasida Terensdan tashqari Aleksandr Usik, Naoya Inoue va Senesa Estrada ham da’vogarlik qilayotgandi. Amerikalik 36 yoshli bokschi yengil vaznda (61,2 kg) vazn toifasida sobiq chempion sanalsa, o‘rtayarim vaznda (63,5 kg) mutlaq chempion hisoblanadi.