Daler Rahimov va Saida Abdullayeva Xalqaro kimyo olimpiadasida O‘zbekiston hisobiga oltin va kumush medallarni yozib qo‘yishning uddasidan chiqishdi. Ular Kun.uz'ga bergan intervyusida qanday qilib bu natijaga erishgani va Saudiyada o‘tkazilgan olimpiada taassurotlari bilan bo‘lishdi.

Saudiya Arabistoni shu yilning 21-30 iyul kunlari 56-Xalqaro kimyo olimpiadasiga mezbonlik qildi. Unda dunyoning 87 ta davlatidan 340 nafardan ortiq iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etdi. Bular qatorida O‘zbekiston terma jamoasidan 4 o‘quvchi bilan qatnashib, 1 ta oltin, 2 ta kumush hamda 1 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Kun.uz musobaqa taassurotlari, bolalarning kimyoga qanday kirib kelgani, kelgusi rejalari haqida bilish maqsadida oltin va kumush medallarini olgan Daler Rahimov hamda Saida Abdullayeva bilan intervyu uyushtirdi.

Daler Rahimov – asli buxorolik. U Toshkent shahar Olmazor tumanidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 10-sinf o‘quvchisi, oltin medal sohibi.

Saida Abdullayeva Navoiy shahrida joylashgan 11-sonli ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi. Kumush medal sohibasi.

Kimyo faniga kirib kelish

Saida Abdullayeva: Matematika, informatika fanlariga 5-6-sinflarimda qiziqqanman. Shu sababli kichik fan olimpiadalariga qatnashib yurganman. Keyin esa biologiyaga qiziqqanman. Keyin kimyo darsi o‘tilgan va bu fanga juda qiziqib qolganman. Boshida kimyoni universitetga kirish uchun o‘qiganman. Maktabdagi kichik olimpiadalarga qatnashib yurganimda xalqaro olimpiadaga qanday qilib qatnashish mumkinligi haqida bilib qolganman. Shundan keyin 9-sinfning oxirida xalqaro olimpiadaga qatnashish uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘ra boshlaganman. Kimyo fanini o‘rganish orqali atrofingizdagi barcha hayotiy jarayonlar qanday kechishini bilib olish mumkin va bu juda qiziq.

Daler Rahimov: Bolaligimdan matematika, fizika fanlariga qiziqqanman, turli fan olimpiadalariga qatnashganman. Aniq fanlarga qiziqish ustozlarim va ota-onamning tashabbuslari bilan bo‘lgan. Fan to‘garaklariga qatnashib yurgan vaqtim o‘qituvchilarim xalqaro olimpiada haqida ma’lumot berishgan va unga qatnashish istagi paydo bo‘lgan. Hozirda butun dunyoda insoniyat ko‘payib bormoqda, tabiiy resurslar esa kamayib bormoqda. Shu sababli vodorod gazi yoki tok bilan ishlaydigan mashinalarni ishlab chiqarish kerak. Hozirgi hayotimizdagi mashinalar, kashfiyotlar kimyo, fizika fanlarining mahsuli hisoblanadi. Buni chuqurroq bilish uchun kimyo, fizika fanlarini o‘rganish zarur deb hisoblayman.