“RayONO”ga boshliqlik uchun $55 000, o‘qituvchilikka $1000: ishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lganlarga hukm o‘qildi
Navoiy shahrida 1000 dollarga maktabga o‘qituvchilikka ishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan mahalla raisi, Qashqadaryoda 55 ming dollarga tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri lavozimiga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori jinoiy jazoga tortildi. Ularning har ikkisi firibgarlik va pora berish jinoyatini sodir qilganlikda aybli deb topilgan.
Ko‘kdala tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori X.I. (ayol) 6 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U firibgarlik va pora berishda ayblangan.
Kun.uz o‘rgangan sud hukmida keltirilishicha, 2022 yil 2 iyun kunidan Ko‘kdala tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori lavozimida ishlab kelgan 42 yoshli X.I. o‘zganing pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. U ushbu maqsadda Qarshi tumanidagi 12-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlovchi shaxs ishonchiga kirib, ta’lim sohasida yuqori lavozimda ishlovchi tanishi orqali uni Yakkabog‘ tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri lavozimiga ishga joylashtirib qo‘yish haqida yolg‘on va’dalar bergan.
X.I. buning evaziga 55 ming AQSh dollari berishini talab qilgan. Shuningdek, direktor o‘rinbosariga “Best Publication” ilmiy tadqiqotlar hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash markazining “Eng yaxshi xizmatlari uchun” esdalik nishoni olib berish evaziga uning 4 mln so‘m pulini qo‘lga kiritgan.
U 2024 yil 11 fevral kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Sayyor” kafesida direktor o‘rinbosaridan “RayONO” mudirligi uchun kelishilgan 55 ming dollardan 30 ming dollarini qo‘lga kiritgan vaqtida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan.
X.I. o‘ziga qo‘yilgan ayblovga iqrorlik bildirmasdan, suddan o‘ziga nisbatan oqlov hukm chiqarishni so‘ragan. Ammo uning qilmishi guvohlarning ko‘rsatmalari bilan o‘z isbotini topgan.
Sud hukmi bilan X.I. Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 1 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 6 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. X.I.ga qo‘llangan garov tarzidagi ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, u sud zalida qamoqqa olingan.
Navoiy shahridagi Bahor mahallasi raisi I.Z. (erkak) esa tanishidan uni hokimlikdagi tanishi orqali shahardagi maktablardan biriga o‘qituvchilikka ishga kirgizib qo‘yish uchun 1000 dollar so‘ragan. Rais kelishilgan puldan 5,6 mln so‘mini olgan vaqtida tezkor tadbirda qo‘lga olingan.
I.Z. sudda aybiga iqror bo‘lib, pul sog‘ligi yomonlashgani uchun dori-darmon olishga kerak bo‘lganini, uni shu maqsadda olganini bildirgan hamda qilmishidan pushaymonligini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
Sud hukmi bilan I.Z. Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 1-qismi va 28,211-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil 1 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Mahalla raisiga soat 22:00 dan 6:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘z yashash uyidan chiqmaslik, restoranlar, kafelar, barlar, klublar, diskotekalarga bormaslik, alkogolli ichimliklar ichmaslik, Navoiy viloyat hududidan tashqariga chiqmaslik kabi qo‘shimcha cheklovlar yuklatilgan.
Tavsiya etamiz
"Husanov tezroq ingliz tilini o‘rganishiga umid qilaman. Uning jismoniy ko‘rsatkichlari ajoyib" – Gvardiola Abduqodir Husanov haqida
Sport | 23:12 / 22.01.2025
Katanets ketdi. U O‘zbekistonni JChga yaqinlashtirgandi
Sport | 21:24 / 22.01.2025
“Oxirgi so‘zni Oliy sud aytadi” - tahlilchilar Trampning antimigratsiya choralari haqida
Jahon | 16:10 / 22.01.2025
Bayden oila a’zolari va Kapitoliyga hujum tergovchilarini oldindan afv etdi. Bu nima uchun kerak?
Jahon | 15:46 / 22.01.2025
So‘nggi yangiliklar
-
BMT bosh kotibi 2025 yildagi asosiy tahdidlarni sanadi
Jahon | 21:11 / 22.01.2025
-
Kreml vakili Tramp tahdidiga javob qaytardi
Jahon | 17:45
-
Toshkentda 5 ta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
Jamiyat | 17:42
-
FT: Kiyev G‘arbdagi ittifoqchilari Ukrainaga 50 ming harbiy yuborishiga umid qilmoqda
Jahon | 17:28
Mavzuga oid
14:58
Sud Igor Strelkovga shartli ravishda ozod etish bo‘yicha rad javobi berdi
18:05 / 22.01.2025
Tramp prezidentlikka kirishgan kuniyoq bir necha sudga berildi
15:19 / 21.01.2025
«O‘ng yuzingizga urganda, chapini tutib bermaslik kerak» – jim turish va advokat talab qilish huquqi haqida
16:20 / 16.01.2025