Kongo Demokratik Respublikasida 2024 yil boshidan beri maymunchechak bilan bog‘liq 13 700 dan ortiq kasallanish va 450 ta o‘lim holati qayd etildi. Afrika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (Africa CDC) olimlari maymunchechakning yangi shtammi tez tarqalayotganidan xavotirda. Shu boisdan maymunchechak tarqalishi Afrika sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda holat deb e’lon qilindi.

Odamdan odamga yaqin aloqa orqali yuqadigan infeksiya isitma, mushak og‘rig‘i va butun tanada yallig‘lanish kabi belgilarni namoyon qilishi mumkin
Foto: Reuters

Butun tanani zararlashi mumkin bo‘lgan virus Afrikaning boshqa mamlakatlariga, jumladan Burundi, Markaziy Afrika Respublikasi (MAR), Keniya va Ruandaga tarqaldi.

Ta’kidlanishicha, sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda holat e’lon qilish hukumatlarga o‘z harakatlarini muvofiqlashtirishga yordam beradi va zararlangan hududlarga tibbiy buyumlar hamda yordam yuborishni oshiradi.

Afrika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari rahbari Jan Kaseya, agar kasallikni oldini olish uchun shoshilinch choralar ko‘rilmasa, u nazoratdan chiqib ketishi mumkinligidan ogohlantirdi.

“Bu deklaratsiya oddiy rasmiyatchilik emas. Bu harakatni boshlash uchun baland ovozda chaqiriq, ortiq reaktiv bo‘la olmasligimizni tan olishdir. Biz bu tahdidni jilovlash va bartaraf etish borasida faol va agressiv bo‘lishimiz kerak”, — dedi u.

Afrikadan tashqaridagi mamlakatlarning sog‘liqni saqlash idoralari rahbarlari ham epidemiyaning keng tarqalishi xavfini baholash uchun vaziyatni kuzatib boryapti.

29 iyul kuni Yevropa kasalliklar oldini olish va nazorat qilish markazi Yevropada maymunchechakni yuqtirish xavfi “juda past” ekanini ma’lum qilgandi.

Infekciya hayvonlardan odamlarga yuqadi, odamlar orasida esa bemor bilan yaqin aloqada bo‘lganlarga, jumladan jinsiy aloqa, teriga tegish, gaplashish yoki nafas olish orqali o‘tadi.

Kasallik isitma, mushak og‘rig‘i va yallig‘lanish singari belgilarni namoyon qilishi mumkin. Agar davolanmasa, maymunchechak o‘limga olib kelishi xavfi mavjud.