Parij-2024 olimpiadasida o‘zbekistonlik bokschilar dunyoda tengsiz ekanligini isbotladi. Xususan, -71 kg vazn toifasida farg‘onalik Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev oltin medalni qo‘lga kiritdi. Kun.uz muxbiri chempion tug‘ilib o‘sgan xonadonda bo‘lib, uning yaqinlari bilan suhbatlashdi.
Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev yoshlik damlari, sportga kirib kelishi, olimpiada musobaqalaridagi hissiyotlarini so‘zlab berdi:

“Yoshligimdan kikboksingga qiziqardim, mahalladagi o‘zimizdan yoshi katta bolalar bizni jangga tushirishardi. Ikki qishloq naridagi sport maydoniga borib shug‘ullanardik. Aynan kikboksing orqali boksga kirib keldim. Olimpiya zaxiralari kollejida 6 yil o‘qidim. Kollejda ancha xotiralarim qolgan, birinchi murabbiyim Husanboy Qo‘chqorov edi. U yerda 3 karra O‘zbekiston, Osiyo chempioni bo‘ldim, juda ko‘p janglarda ishtirok etdim. O‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida qatnashdim. Kerakli litsenziyani qo‘lga kiritib, Chirchiq davlat universiteti talabasiga aylandim.

To‘lqin Qilichev rahbarligida Toshkentda mashg‘ulotlarni davom ettirdim. 2020 yil O‘zbekiston chempioni bo‘ldim. Shundan keyin jahon chempionatlarida ishtirok etishni boshladim. Serbiyada o‘tkazilgan jahon chempionatiga bordim, u yerda jarohat olib, bir yil davomida shifokor ko‘rigidan o‘tib yurdim. Menimcha, shu bir yil dam olganim ham yordam bo‘ldi, boksni sog‘inib turib jangga kirdim. Osiyo chempionatida 3-o‘rinni egalladim. Jahon chempioni ham bo‘ldim. Alloh peshonamizga shuni yozgan ekan.
O‘zimdan katta chempion bolani kundalik yozishini ko‘rib qolganman. U har bir jangdagi yutuq va kamchiliklarini, jangdan ko‘zlagan niyatini yozib borar ekan. Men ham kundalik yoza boshladim. Qayd daftarimga Parij-2024 g‘olibi bo‘laman, deb yozib ham qo‘ydim. Niyatimga yetdim mana. Aytmoqchimanki, har bir sportchi ota-onasining duosini olib, o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ysa va bu uchun tinmay harakat qilsa, albatta, ko‘zlangan natijaga erishar ekan.
Bu olimpiadaga biz juda qattiq tayyorgarlik ko‘rdik. Hayajonga keladigan bo‘lsak, juda kuchli hayajonni his qildim. Osiyo chempionatini ko‘rdik, katta turnirlarda ishtirok etdik. Ammo olimpiada ancha boshqacha musobaqa ekan. Chunki bu yerda faqat kuch emas, psixologik holat ham asosiy o‘rinda turarkan. Orqangizda vataningiz, xalqingiz turganini his qilish ancha mas’uliyatli jarayon. Allohning o‘zi ruhiy dalda berdi va o‘yinda g‘olib bo‘ldik.





















