Statistika agentligi 2024 yilning yanvar-iyul oylaridagi sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning dastlabki 7 oyi davomida gaz qazib olish hajmi 26,15 mlrd kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,31 mlrd kub yoki 4,8 foizga qisqargan.

2024 yilning yanvar-iyul oylaridagi gaz qazib olish ko‘rsatkichlari:

  • Yanvar – 3,99 mlrd kub (o‘tgan yilning mos davrida – 4,31 mlrd kub);
  • Fevral – 3,71 mlrd kub (3,85 mlrd kub);
  • Mart – 3,89 mlrd kub (4,16 mlrd kub);
  • Aprel – 3,7 mlrd kub (3,94 mlrd kub);
  • May – 3,52 mlrd kub (3,6 mlrd kub);
  • Iyun – 3,54 mlrd kub (3,7 mlrd kub);
  •  Iyul – 3,78 mlrd kub (3,9 mlrd kub).

Ma’lumot uchun, 2022 yilda ham gaz qazib olish 53,8 mlrddan 51,67 mlrd kub metrgacha yoki 4 foizga, 2023 yilda esa 51,67 mlrddan 46,71 mlrd kub metrgacha yoki 9,6 foizga qisqargandi.

Gaz qazib olishning qisqarib borishi fonida import hajmi oshib boryabdi. Xususan, yanvar-iyul oylarida xorijdan 983,7 mln dollarlik gaz sotib olingan, bu 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda, qariyb 5 barobarga ko‘p. 

O‘z navbatida umumiy davr uchun gaz eksporti 5,6 foizga yoki 323 mln dollargacha qisqargan. Ammo oxirgi oylarda gaz sotish hajmi oshib boryapti. Xususan, birgina iyun-iyul oyida 263 mln dollarlik gaz eksport qilingan.

Dastlabki 7 oylikda ko‘mir qazib olish 3 mln 483 ming tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,4 foizga oshgan.