Kun.uz'ga Shayxontohur tumani Navoiy shohko‘chasi O‘qchi mahallasida yashovchi fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Ular salkam 2 oydirki, issiq suvsiz yashab kelmoqda.
Odamlarning aytishicha, murojaat qilmagan joylari qolmagan. Issiq suv ta’minoti umumiy isitish tizimiga ulangan bo‘lib, iyul oyi boshida gazni o‘chirishgani sabab ta’minot ham to‘xtagan.
“Bundan oldin ham tez-tez o‘chirib turishardi, ayniqsa qishning sovug‘ida. Endi oxirida aholining sabri qolmadi, taxminan 2 oy bo‘lib qoldi, haligacha na tushuntirish berishyapti, na sababini aytishyapti.
Yaqinda uyimiz pastidagi noturar joylarning gazdan va mol-mulk solig‘idan katta miqdorda qarzi sabab deb aytishdi. Noturar joylarning qarzi bo‘lsa, biz turar joydagi aholi nega qiynalishimiz, oylab issiq suvsiz o‘tirishimiz kerak? Agar aholining ham qarzi bo‘lsa, nega boshqa intizomli soliq to‘lovchilar jabr chekishi kerak? Nega har bir qarzdor bilan turarmi, noturarmi alohida shug‘ullanishmaydi? Nega ikki oy sukutda issiq suvni o‘chirib bemalol o‘tirishadi? Oddiygina tushuntirish yoki ogohlantirishni ham ep ko‘rishmayapti”,– deydi shaxsini oshkor qilishni istamagan fuqaro.
Yana bir yashovchiga ko‘ra, uylarning shirkati 2-3 marotaba almashgan. Avvalgi shirkat rahbarlari noto‘g‘ri ish olib borgani sabab ularga nisbatan jinoyat ishi ochilgan, deydi u.
“Xonadon egalari o‘z vaqtida to‘lashgan, ammo “JEK”, ya’ni boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan kerakli tashkilotlarga yo‘naltirilmagan. Bilishimcha, hozirgi kunda tashkilot rahbari qo‘lga olingan”, – deydi fuqaro.
Hozirda boshqaruv “Obod turmush hamkor” MChJga o‘tgan.
“Hammasi o‘zlaridan oldingilarga aybni to‘nkashadi, hozirgi uy-joy mulkdorlar shirkati esa ba’zida pastki qavatdagi tijoriy ijarachilarni: banklar, sartaroshxona, do‘konlarni aytishadi, ularning qarzdorligi sabab deb ertasiga o‘zlaridan oldingi shirkatni aybdor qilishadi. Hamma joyda har xil gap yuribdi. Ikki nafar yosh farzandim bor, ularning tagliklarini almashtirishga, cho‘miltirishga qiynalyapmiz”, – deydi yana bir yashovchi.
“2-3 oy vaqt berishsa, to‘lab berishimiz mumkin” – BSK
Vaziyat yuzasidan “Obod turmush hamkor” MChJ vakilining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, kompaniya markaziy qozonxonaning gazdan uzilgani sabab xonadonlarga issiq suv yetkazib berolmayapti.















