Milliardga yaqin foydalanuvchiga ega Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durovning Parij aeroportida qo‘lga olinishi ko‘plab muhokamalarni keltirib chiqardi. Bu messenjerning O‘zbekiston uchun ahamiyati juda katta. Shundan kelib chiqib, Kun.uz mavzu yuzasidan ayrim savollarga kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassis Anvar Narzullayevdan javob oldi.
24 avgust kuni Telegram asoschisi Pavel Durov Parijdagi aeroportda qo‘lga olindi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga sabab sifatida Telegram messenjerida moderatsiya yo‘qligi va Durov Fransiya kuchishlatar tuzilmalari bilan hamkorlikdan bosh tortgani ko‘rsatilmoqda. Telegram Durovning hibsga olinishi yuzasidan bayonot berib, messenjer Yevropa Ittifoqi qonunlariga amal qilishi, undagi huquqbuzarliklar uchun platforma egasining javobgarligini da’vo qilish bema’nilik ekanini ma’lum qildi.
Dunyo bo‘ylab qariyb bir milliard foydalanuvchiga ega Telegram kun sayin muhim ma’lumotlar manbai va kuchli muloqot vositasiga aylanib bormoqda. Xususan, Telegram Rossiya, Ukraina urushida rasmiylar uchun ham, media uchun asosiy ma’lumot manbaiga aylandi. Bilamiz, O‘zbekistonda ham ushbu messenjer juda mashhur va millionlab yurtdoshlarimiz, davlat organlari va tashkilotlari undan foydalanadi. Bugungi onlayn mehmonimiz – kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassis, Mohirdev platformasi asoschisi Anvar Narzullayev messenjer va uning taqdiri borasida ayrim fikrlarni bildirib o‘tdi.
– Durov hibsga olinishida asosiy sabab sifatida messenjerda moderatsiyaning yo‘qligi aytilmoqda. Qariyb milliardga yaqinlashib qolgan foydalanuvchilari bor, million gigabaytlab ma’lumotlar almashadigan platformani moderatsiya qilishning imkoni bormi o‘zi?
– Moderatsiya qilishning imkoni bor, lekin bu pul va resurslarga borib taqaladi. Deyarli barcha katta ijtimoiy tarmoqlarda bu yo‘lga qo‘yilgan. Bu Facebook, Instagram, yoki Google'ning qandaydir saytlari bo‘lishidan qat’i nazar, tizim yo‘lga qo‘yilgan. Facebook kompaniyasi moderatsiyani uchinchi kompaniyalarga topshirgan, chunki Meta mahsulotlarining auditoriyasi juda katta, turli tillarda olib boriladi. Shu tillarda mahalliy boshqa kompaniyalar o‘z tilidagi postlar bo‘yicha moderatsiyani olib boradi. Masalan, agar Meta moderatsiyani O‘zbekistonda amalga oshirishni xohlashsa, o‘zbek kompaniyasini ishga olishlari ham mumkin. Shuningdek, Telegram xohlasa buni jiddiyroq amalga oshirishi mumkin. Yuqoridagi aytganimdek, bu resurslarga bog‘liq. Bundan tashqari, sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida ham hozir moderatsiya qilish imkoniyatlari bor.

















