Marg‘ilon shahrida ochiqchasiga reyderlik harakati sodir etilyapti: “moshinfurush” birovning nomida bo‘lgan mashinani tortib olib, yashirib kelmoqda. Kun.uz’ga murojaat qilgan mulk egasi IIBga bir necha bor murojaat qilganini, biroq foydasi bo‘lmaganini ta’kidlamoqda.
Kun.uz’ga taqdim qilingan hujjatlarda ko‘rinishicha, fuqaro Nilufar Meliboyeva o‘rtalarida o‘zaro pul oldi-berdisi bo‘lgan tanishi F.O. orqali mashina savdosi bilan shug‘ullanuvchi Sh.A.dan Cobalt mashinasi sotib olgan. Avvaliga mashina puli kredit orqali qoplab berilgan. Keyinchalik bankdan olingan kredit summasi ham so‘ndirilgan.
Mashina notariusda oldi-sotdi shartnomasi tuzilib, fuqaro Nilufar Meliboyeva nomiga to‘liq rasmiylashtirilgan.
Shu tariqa, sotib olingan Cobalt’dan Nilufar Meliboyevaning o‘g‘li foydalanib yurgan. Ammo 2024 yilning boshida “moshinfurush” Sh.A. fuqaro F.O. bilan o‘rtalaridagi o‘zaro qarz oldi-berdisi uchun Meliboyevaning mulki hisoblangan Cobalt mashinasini tortib olib qo‘ygan.
Murojaatchiga ko‘ra, Sh.A. hozirgi kungacha mashinani yashirib, bermay kelmoqda.
“Nilufar Meliboyeva o‘z mulkini qaytarish uchun bir necha bor Marg‘ilon shahar IIBga yozma murojaat qildi. Ammo natija bo‘lmadi. Mashinani ko‘chada begona shaxslar haydab yurganiga ham bir necha bor guvoh bo‘ldik. Boshqa fuqaroning mulkini noqonuniy tasarruf etib yurgan bo‘lsa-da, Sh.A.ga nisbatan hech qanday qonuniy chora ko‘rilmayapti”, deydi mulk egasining ishonchli vakili
Mulk egasining murojaatlariga javoban Marg‘ilon shahar IIB tergov bo‘limi tergovchisi tomonidan “ushbu holatda hech bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘q”ligi haqida javob xati berilgan xolos.

Shuningdek, fuqaro F.O. firibgarlikda ayblanib, jinoiy jazoga tortilgan. Sud majlisida Sh.A. o‘rtalaridagi qarz oldi-berdisi uchun fuqaro Nilufar Meliboyevaning mashinasi olib qo‘yganini e’tirof etgan. Sudda unga bu harakati noqonuniy ekani tushuntirilgan. Lekin shunda ham Sh.A. mashinani qaytarmagan.
Bundan tashqari, mashinani izlab topish bo‘yicha Farg‘ona viloyati IIB JXX YHXB boshlig‘iga bir necha bor alohida topshiriq xati chiqarilgan. Ammo mashina Sh.A. tomonidan tortib olinib, yashirilganini barcha bilgan holda mashinani topish harakatlari amalga oshirilmagan.

















