Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy Kursk oblastidagi amaliyot chog‘ida ukrain harbiylari 594 nafar rossiyalik askarni asir olgani haqida ma’lum qildi. Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Kursk yo‘nalishiga 30 ming harbiy tashlashga majbur bo‘lgan va bu raqamlar o‘sishda davom etmoqda.
«Ukraina 2024. Nezavisimost» forumi chog‘ida Sirskiy Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastiga yurish qilishini Rossiya kuchlari Ukrainaning chegara hududlarini aynan shu yo‘nalishda muntazam ravishda o‘qqa tutib kelgani bilan izohladi.
«Bundan tashqari, dushman ushbu yo‘nalishga katta miqdorda qo‘shin to‘plagan va shu yo‘nalishda yurish amaliyoti o‘tkazishni rejalashtirgandi», — degan bosh qo‘mondon.
«Qo‘shinlarimizning muvaffaqiyatli harakatlari tufayli biz almashuv fondini to‘ldirib oldik. Bugungi kunga qadar ushbu yo‘nalishda RF qurolli kuchlarining 594 nafar harbiy xizmatchisi asirga olingan», — degan Sirskiy.
Rossiya harbiy idorasi hozircha Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondonining asir tushgan rossiyalik harbiylar haqidagi so‘zlariga munosabat bildirmadi.
Dam olish kunlarida Amerikaning Washington Post gazetasi Ukraina qo‘shinining Kursk oblastidagi amaliyoti chog‘ida olingan, rossiyalik asirlar aks etgan videokadrlarni o‘rganib, ukrain harbiylari RF armiyasining kamida 247 askarini asir olgani haqida xulosaga kelgandi.
Shu bilan birga, maqolada rossiyalik harbiy asirlarning yangi videolari chiqishda davom etayotgani va hisoblashda faqat muxbirlar tasdiqlay olgan kadrlardagi askarlar hisobga olingani aytilgan. Shu tufayli gazeta asir tushgan RF harbiylarining haqiqiy soni bundan ko‘proq bo‘lishi mumkinligini istisno qilmagandi.
Maqola mualliflari rossiyalik asirlarning ko‘pchiligi muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yosh askarlar ekanini qayd etishgan.
O‘tgan haftada BBC muxbirlari Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi yurishi boshlanganidan buyon chegarani qo‘riqlash uchun joylashtirilgan o‘nlab askarlar aloqaga chiqmayotganini aniqlagandi. Harbiy komissariatlar sukut saqlayotgan, hukumat esa yo‘qotishlar yo‘qligi haqida hisob berayotgan mahalda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlardan kamida 38 nafari Ukraina asirligida va allaqachon bunday askarlardan ikki nafarining o‘limi tasdiqlangan.
BBC ochiq manbalar asosida Kursk oblastida ukrain harbiylari yurish boshlaganidan keyingi davrda aloqaga chiqmay qolgan 81 nafar askarning ro‘yxatini tuzgan.
24 avgust kuni Ukraina va Rossiya «115 ga 115» formulasida navbatdagi asirlar almashuvini o‘tkazdi. Rossiya telegram-kanallari ma’lumotiga ko‘ra, buning natijasida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan va Kursk oblastida janglar boshlangach, asir tushgan askarlarning bir qismi uyga qaytgan.
















